
Qonunchilik palatasi deputatlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi mutasaddilari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda ta’kidlanganidek, “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasining 2025-yilga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2025-yil yanvar — may oylarida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari o‘sish sur’ati 123,5 foizni tashkil etdi. AKT sohasida o‘zini-o‘zi band qilganlar soni deyarli 100 ming nafardan oshdi. IT va masofaviy xizmatlar eksporti geografiyasi ham kengaytirilib, 90 dan ortiq davlatlarga xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga, 2025-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 54 ta yangi elektron xizmatlar joriy etilib, jami xizmatlar soni 761 taga yetkazilgan.
Yig‘ilishda keyingi yillarda jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan sun’iy intellekt texnologiyalarining O‘zbekistondagi rivojlanish darajasi xususida ham so‘z yuritildi. Ma’lum qilinishicha, vazirlik tomonidan sog‘liqni saqlash sohasida sun’iy intellektga asoslangan 1 mln. dollar miqdoridagi yuqori samarali, zamonaviy server qurilmalari (GPU klaster) xarid qilingan.
Toshkent metropolitenida sun’iy intellekt tizimining kompyuter nigohiga asoslangan “MyID Palm” kaft orqali to‘lov tizimi joriy etilgan.
Bundan tashqari, Strategiyaga muvofiq, 100 dan ortiq loyihalar ro‘yobga chiqarilgan.
Qo‘mita a’zolari amalga oshirilayotgan ishlar holatini tahlil qilib, yagona portalda yangi elektron xizmatlar joriy etish orqali ularning sonini oshirish, sun’iy intellektga asoslangan dasturlarni ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan yuqori samarali, zamonaviy server qurilmalarini ishga tushirish kabi masalalarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, deputatlar tomonidan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida samarali amalga oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi va bu borada vazirlikka har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligi bildirildi.
Eshituv yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.