Unda deputatlar, Oliy Majlis huzuridagi Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zolari, Raqamli texnologiyalar vazirligining rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Raqamli texnologiyalar vazirligining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish hamda aholini umumqamrovli va arzon internetga ulanishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan axboroti eshitildi.
Ma’lumot uchun: BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari – 2030-yilga kelib global muammolarni hal qilish va butun dunyo bo‘ylab barqaror rivojlanishga erishishga qaratilgan xalqaro maqsadlar to‘plamidir. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha 2015-yil sentyabr oyida rezolyutsiya qabul qilingan va ushbu rezolyutsiya 2016-yanvarda kuchga kirgan. Jami 17 ta maqsadlarni o‘zida mujassam etgan mazkur dastur quyidagi asosiy masalalarni nazarda tutadi: qashshoqlikka qarshi kurash, tengsizlikka qarshi kurash, atrof-muhitni muhofaza qilish va odamlar farovonligini ta’minlash. Har bir maqsad ularning erishilishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan aniq kichik maqsadlar to‘plamiga ega.
Ta’kidlash joizki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari BRMga erishish uchun zarur bo‘lgan aloqa, muvofiqlashtirish, monitoring va innovatsiyalarni joriy qilishda muhim o‘rin tutadi.
Ushbu masalaning dolzarb ahamiyatini teran anglagan holda Qonunchilik palatasining tegishli Qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar holati o‘rganildi.
Ta’kidlanganidek, BRMga erishishda vazirlik tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan davrda xalqaro va shaharlararo telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida Xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 2017-yilga nisbatan 38 barobarga oshirilib, 3 600 Gbit/s.ga yetkazilgan. Respublika bo‘ylab magistral telekommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazuvchanlik qobiliyatining viloyatlararo darajada 600 Gbit/s.ga, tumanlararo darajada esa 60 Gbit/s.ga yetkazilgan.
Shu bilan birga, aholiga yetkazilayotgan telekommunikatsiya xizmatlar sifatini oshirish maqsadida 2023-yilda qo‘shimcha 61 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalarini qurish orqali ularning umumiy uzunligi 231 ming kilometrga yetkazildi. Respublika bo‘ylab optik tolali aloqa liniyalari qamrovi esa 89,9 foizni tashkil qilmoqda.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, aholining keng polosali telekommunikatsiya xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida 2017-yilda o‘rnatilgan portlar soni 1,03 milliontani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda 700 mingta keng polosali Internet portlar o‘rnatilib, ularning soni 5,3 milliondan oshishiga erishilgan.
Amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida hozirgi kunda Internet foydalanuvchilarining jami (mobil va simli Internet) soni 34 milliondan oshdi. Respublika bo‘yicha mobil aloqa qamrovi darajasi 99 foizga, keng polosali mobil Internet qamrovi esa 98 foizga yetkazilgan.
Muhokamalarga boy bo‘lgan yig‘ilishda deputatlar va Jamoatchilik kengashi a’zolari AKT sohasida erishilgan yutuqlar bilan birga, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda vazirlik tomonidan e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Xususan, qo‘mita a’zolari bugungi kunda Internet firibgarlik kuchayib borayotgani va bu aholini tashvishga solayotganini aytib, bank to‘lov operatsiyalarini amalga oshirishda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, bolalar teledasturlarini ishlab chiquvchilarni yanada rag‘batlantirish, raqamli texnologiyalarga xotin-qizlarni jalb qilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan kengroq foydalanish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar berdilar.