Yurtimizda madaniy meros obyektlarini himoya qilish, ularni qayta tiklash va mavjudlarini muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda jami 8 370 ta tarixiy obyekt moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari Milliy ro‘yxatiga kiritilgan va muhofazaga olingan.
2023–2024-yillar mobaynida 17 ta arxitektura yodgorligi, 156 ta mozaika kompozitsiyasi monumental yodgorlik sifatida Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari ro‘yxatiga yangidan kiritilgan. Madaniy meros agentligi tomonidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, restavrator kadrlarni tayyorlash maqsadida “O‘zbek–Italyan restavratsiya markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda deputatlar sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalarga e’tibor qaratdi. Jumladan, obyektlarda uchrayotgan kompleks loyihalashtirish bilan bog‘liq muammolar, muhofaza qilish, nazorat va aholi o‘rtasida targ‘ibot qilish hamon sust ekanligi, namlikni bartaraf etish, cho‘kish va yorilishlarni keltirib chiqaruvchi omillarga qarshi choralar etarlicha emasligi ta’kidlandi.
Shuningdek, madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish, arxeologik tadqiqotlarni kengaytirish, restavratsiya ishlarini jadallashtirish bo‘yicha takliflar berildi.
Eshituvda kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.