Qamoqqa olinganlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi

395
1 минута
Qamoqqa olinganlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi
“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida"gi Qonun qabul qilindi. Qonun bilan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga yangi 27-1-modda kiritildi. Unga ko'ra Qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Majburiy tibbiy ko‘rik qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga olib kelingan paytdan e’tiboran ikki soat ichida tibbiy xodim tomonidan o‘tkaziladi.
Qamoqqa olinganni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda tergov hibsxonasining u bilan bir jinsda bo‘lgan xodimi ishtirok etadi.
Majburiy tibbiy ko‘rikni o‘tkazishda qamoqqa olinganning roziligi bilan uning advokati ham ishtirok etishi mumkin.
Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha belgilangan namunadagi tibbiy ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi.
Tibbiy ma’lumotnomaning bir nusxasi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan qamoqqa olingan u bilan imzo qo‘ydirib tanishtirilganidan keyin uning shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi, ikkinchi nusxasi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan qamoqqa olinganni olib kelgan xodimlarga topshiriladi.
Tibbiy ma’lumotnomaning ko‘chirma nusxasi qamoqqa olinganning yoki uning advokatining talabiga asosan tegishincha qamoqqa olinganga yoki uning advokatiga taqdim etiladi.
Majburiy tibbiy ko‘rik chog‘ida qamoqqa olinganning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqda qamoqqa olinganga ma’lum qilinadi va zudlik bilan prokurorga xabar beriladi.
Tergov hibsxonasiga joylashtirilgan qamoqqa olinganlar boshqa joyga o‘tkazilganda yoki protsessual harakatlar o‘tkazish uchun olib chiqilib, tergov hibsxonasiga qaytarilganda ular ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...