O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilishning yangi bosqichi

185
3 минуты
O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilishning yangi bosqichi
Keyingi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Bu borada o‘tgan bir yil ichida qator muhim natijalarga erishildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2023 yilda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bu yo‘nalishdagi islohotlarni mustahkamlash yo‘lidagi dadil qadam bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida bolalar masalasiga alohida ustuvorlik berilishi, alohida bob oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlanishi hamda Prezidentning “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Bolalar ombudsmani institutining tashkil etilishi jamiyat uchun bolalar muammolariga e’tiborning muhim ko‘rsatkichi sifatida namoyon bo‘ldi.
Shu bilan birga, bugungi globallashuv jarayonida axborot texnologiyalari, ayniqsa, internetning rivojlanishi bilan bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, ularning barkamol avlod bo‘lib yetishishini ta’minlash borasidagi faoliyatning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish, qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut joriy qilinib,  bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda. Himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan berilishi va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga vakolatli davlat organi ishtirokida topshirilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Xususan, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi subyektlar qatoriga Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari ham kiritildi. Bunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtirilishi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organi, qolaversa, qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi taklif etilmoqda.
Ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanadigan shaxslarning doirasi kengaytirilmoqda. Xususan, qasddan odam o‘ldirganlik, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik yoki saqlaganlik kabi holatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda. Ota-onalarning (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili moddiy zararning o‘rnini qoplash hamda ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonuniga tegishli qo‘shimcha kiritilmoqda.
Deputatlarning ta’kidlashicha, loyihaning qabul qilinishi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...