Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish koʻnikmalarini oshirish bugungi davr talabi

23
1 минута
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish koʻnikmalarini  oshirish bugungi davr talabi
Ijtimoiy tarmoqlar butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning kundalik hayotining ajralmas qismiga aylandi. Bugungi kunga kelib ular nafaqat muloqot va ko‘ngilochar o‘yinlar uchun platforma, balki ta’sir o‘tkazish, jamoatchilik fikrini o‘zgartirish va insonlarga ta’sir qilish uchun kuchli vositalarga aylandilar. Shunday sharoitda insonlarga to‘g‘ri ma’lumot yetkazish, ularni davlat va jamiyat hayotidagi ongli ishtirokini rag‘batlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunda xalq vakillarining zamonaviy raqamli texnologiyalar yutuqlaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini oshirish zarurati mavjud. Zero, ijtimoiy tarmoqlar orqali deputatlar o‘z saylovchilari bilan muloqot o‘rnatishlari, ularni davlat ahamiyatiga molik muhim masalalarga kengroq jalb qilishlari, o‘z faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashlari, qayta aloqa va fikrlarni to‘plashlari mumkin.
Mazkur masalaning dolzarb ahamiyatini inobatga olgan holda 2024 yilning 3-4 aprel kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, YXHT O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori idorasi, O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi bilan hamkorlikda parlament a’zolari uchun “Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar bilan ishlashda mediasavodxonlik masalalari” mavzusida trening tashkil qilindi.
Treningga O‘zbekistonda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida yuqori tajribaga ega mutaxassislar va ekspertlar jalb qilindi. O‘quv treninggi davrida mutaxassislar ijtimoiy tarmoqlarning deputatlar va saylovchilarning o‘zaro munosabatlaridagi o‘rni, mediasavodxonlik, axborot manbalarining ishonchliligini aniqlash, ijtimoiy tarmoqlar uchun kontent tayyorlash texnologiyasi, kiberbulling hamda raqamli sotsializatsiya singari mavzular yuzasidan tushunchalar berib o‘tishdi.
Qiziqarli savol va javoblarga boy bo‘lgan trening yakunida deputatlarga sertifikatlar topshirildi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...