Tibbiyot sohasini raqamlashtirishning afzallilari

125
2 минуты
Tibbiyot sohasini raqamlashtirishning afzallilari
Joriy yilning 24-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ikkita vakolatli qo‘mitalarining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Tibbiyot sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risi”da axboroti eshitildi. Ushbu tadbirda deputatlar, Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo'yicha Jamoatchilik kengashi a'zolari, Sog'liqni saqlash vazirligining rahbar xodimlari va ekspertlar ishtirok etishdi.
Qayd etilisicha, so'nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish va axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish, boshqaruv jarayonidagi ortiqcha tartib-taomillarini qisqartirish, aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini kengaytirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. O'zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan shu yil 21-may kuni Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va yangi takliflar taqdimoti bilan tanishish jarayonida tibbiyot muassasalari yetarlicha raqamlashtirilmagani sababli sug‘urta tizimi to‘liq ishlamayotgani, shifokorlarning ko‘p vaqti hisobot to‘ldirishga ketayotganiga urg‘u berildi.
Poytaxtimizda sohani raqamlashtirish bo‘yicha namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yilib, buning uchun barcha muassasalar yangi kompyuter va texnika vositalari bilan jihozlanishi aytib o‘tildi. Yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” tizimlari ishga tushiriladi. Bu o‘z navbatida, ortiqcha ovoragarchilik va qog‘ozbozliklarga chek qo‘yib, barcha ishlarni tizimli ravishda olib borishga, shifokorlarning bemorlar uchun ko‘proq vaqt ajratishiga imkon beradi.
Axborotda keltirilganidek, bugungi kunda 3 645 ta tibbiyot muassasalarining barchasi yuqori tezlikdagi internet tarmoqlariga ulangan. Ambulator muassasalarda 100 foiz lokal tarmoq qurilgan bo‘lsa, 23 024 nafar tibbiyot xodimlari kompyuter qurilmalari bilan ta’minlangan.
Shuningdek, vazirlik tomonidan Raqamli sog‘liqni saqlash yagona platformasini, tibbiyot birlashmalari uchun axborot tizimi bazasini yaratish, tibbiyot birlashmalarini AKT infrastrukturasi va telekommunikatsiya qurilmalari bilan jihozlash, shifokor hamshiralarni bilim va ko‘nikmalarni oshirish uchun 2024-2026-yillarda “Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi ishlab chiqildi.
Bugungi kunda “Elektron poliklinika” axborot tizimining takomillashtirilgan talqini Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 7-sonli oilaviy poliklinikasida ishga tushirildi. Avvalgi tizimdan farqli o‘laroq, ushbu tizimning patronaj xizmati raqamlashtirildi.
Qolaversa, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2 ta davlat xizmatlari ishga tushirilgan. Jumladan, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari tibbiy ma’lumotnomasini hamda haydovchilik guvohnomasi uchun talab etiladigan tibbiy ma’lumotnomani onlayn tarzda olish imkoni yaratilgan.
Bundan tashqari, “Tibbiyot” axborot tizimi — mis2.ssv.uz negizida “066-hisobot shakli elektron tarzda rasmiylashtirish moduli” ishlab chiqilib, 066-hisobotida fuqarolarning kasalligiga qo‘yilgan tashxis to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda kiritish imkoniyati yaratildi.
Muhokamalar davomida deputatlar yurtimizda tibbiyot tizimini raqamlashtirish, xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni alohida e’tirof etdilar.
Shu bilan birga, aholi murojaatlari, joylarda deputatlar tomonidan olib borilayotgan parlament nazorati tadbirlari, saylov okruglaridagi uchrashuvlar jarayonida joylarda bu borada ayrim muammolar kuzatilayotganini qayd etdilar.
Muhokamalar davomida tibbiyot sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasida tibbiy ma’lumotlar almashinuvi uchun dasturiy muhit yaratish, sohani davr talablariga moslashtirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar berildi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...