Kosmik soha deputatlar nigohida

1
2 минуты
Kosmik soha deputatlar nigohida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda “O‘zbekkosmos” agentligi hamkorligida “Kosmik sohaning joriy holati va istiqboldagi rivojlantirish yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida kosmik soha oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi holatini chuqur tahlil qilishga bag‘ishlangan tadbirda deputatlar, “O‘zbekkosmos” agentligi, Fanlar Akademiyasi mas’ullari, olimlar, oliy ta’lim muassasalari tadqiqotchilari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda kosmik texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida kosmik ma’lumotlardan foydalanish amaliyoti yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Xususan, Yerni masofadan zondlash ma’lumotlari asosida qishloq xo‘jaligi yerlarini monitoring qilish, suv resurslarini boshqarish, yer kadastri va shaharsozlik sohalarida aniq tahlillar olib borish imkoniyatlari kengaydi. Amaliyotda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali suv omborlari holatini kuzatish, yer maydonlarining o‘zgarishini baholash hamda favqulodda holatlarni tezkor aniqlash tizimlari joriy etilmoqda.

Shuningdek, kosmik sohani huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha ham muhim qadamlar tashlandi. Sohani rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, institutsional baza mustahkamlandi. Bu esa kosmik texnologiyalarni joriy etishda tizimli yondashuvni ta’minlab, davlat organlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.

Tadbir davomida Murojaatnomada kosmik sohaga alohida e’tibor qaratilishi ushbu yo‘nalishda yangi strategik bosqich boshlanganidan dalolat berishi alohida qayd etildi.

Xususan, mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston tarixida ilk bor sun’iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilangani, bu borada xalqaro hamkorlik istiqbollari, jumladan, yetakchi kosmik agentliklar bilan hamkorlik formatlari ko‘rib chiqilayotgani urg‘ulandi.

—Milliy fazogir – bu yoshlar uchun kuchli motivatsiya, ilm-fanga qiziqishni oshirish, mamlakat imijini mustahkamlash omilidir, — deydi qo‘mita a’zosi Shuhrat Sharafutdinov. — Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Bu yutuq mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirishi bilan birga, ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yangi loyiha va texnologik tashabbuslarning paydo bo‘lishi, yoshlarning fan va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga xizmat qiladi.

Davra suhbatida bu tashabbuslarni amalga oshirishda qonunchilik bazasining mustahkamligi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilib, sohadagi amaliy natijalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish mexanizmlari hamda qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Tadbir yakunida kosmik sohani yanada rivojlantirish, Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, sohada tizimli yondashuvni kuchaytirish hamda qonunchilik va institutsional asoslarni takomillashtirishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...