Mazkur Qonun bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 56-moddasiga mulk huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi idoralar tomonidan mol-mulkka nisbatan qoʻyilgan taqiqlar davlat ijrochisining qarori asosida bekor qilinishini, davlat ijrochisining qarori unda koʻrsatilgan shaxsga mol-mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish (hisobga qoʻyish) uchun asos boʻlishini, mol-mulk boʻyicha mavjud majburiyatlar uning sobiq egasi boʻlgan qarzdor zimmasida qolishini, shuningdek bundan undiruvchi mazkur majburiyatlarni bajarishni ixtiyoriy ravishda oʻz zimmasiga olgan hollar mustasno ekanligini belgilovchi qoʻshimcha kiritilmoqda.
Shu bilan birga “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 56-moddasiga qoʻshimcha kiritilib, unga muvofiq koʻchmas mulkka qoʻyilgan taqiq davlat ijrochisining realizatsiya qilinmagan mol-mulkni undiruvchiga topshirish toʻgʻrisidagi dalolatnomasi asosida qabul qilingan qaroriga muvofiq olib tashlanishi belgilanmoqda.
Ushbu Qonun kreditorlarning garovga qoʻyilgan mol-mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini taʼminlashga, mol-mulkka nisbatan qoʻyilgan taʼminlovchi choralar davlat ijrochisining qarorlari asosida bekor qilinishini joriy etishga, shuningdek kredit tashkilotlarining kredit portfelidagi muammoli aktivlar ulushini kamaytirishga xizmat qiladi.