Majlisda dastlab Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ning 2025-yildagi bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, uning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Prezidentimiz rahbarligida bolalar farovonligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida tarixiy islohotlar amalga oshirildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi normalar kiritildi. Jumladan, Bosh qomusimizda bolaning jismoniy, aqliy va ma’naviy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirilib, bu borada davlatning ijtimoiy majburiyatlari kengaytirildi.
2025-yilda bola huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan 6 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta farmoni va 6 ta qarori qabul qilindi. Mamlakatimiz bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan global tashabbus — Bogota harakatlar chaqiruviga qo‘shildi hamda Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha global alyans a’zoligiga qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 24-dekabrdagi Farmoni bilan 2026 — 2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi qabul qilindi. Mazkur hujjat doirasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, xavf ostidagi bolalar bilan erta bosqichda ishlash, bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy, psixologik, ta’lim va huquqiy xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Prezidentimizning 2021-yil 9-avgustdagi Farmoniga muvofiq ta’sis etilgan Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) bolalar murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash hamda bola manfaatlarining ta’minlanishi ijrosini monitoring qilishda mustaqil milliy institut sifatida alohida o‘rin tutib kelyapti.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi esa bu borada muhim huquqiy poydevor yaratdi. Bugungi kunda Bolalar ombudsmani mazkur Qonunga asosan davlat organlari, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirmoqda.
Bolalar ombudsmani ma’ruzasiga ko‘ra, 2025-yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1934 ta murojaat kelib tushgan.
Vakilga bevosita bolalar tomonidan 42 ta murojaat yo‘llangan bo‘lib, bu jami murojaatlarning 2,17 foizini tashkil etgan. 2025-yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 35 ta shaxsiy qabulida 141 ta fuqarolar qabul qilinib, ularning murojaati ko‘rib chiqilgan.
Murojaatlar tahlili va monitoring faoliyati asosida bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan jami 36 ta ta’sir xujjati — 2 ta ogohlantirish, 6 ta taqdimnoma, 25 ta xulosa va 3 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan. Murojaatlarni o‘rganish asosida bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 19 ta jinoyat ishi hamda 26 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, o‘tgan davrda bolaning moddiy ta’minoti yuzasidan jami 403 mln.745 ming so‘mlik aliment qarzdorligi undirishga ko‘maklashilib, 52 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat boji va boshqa to‘lovlarsiz ID-kartalar rasmiylashtirilishiga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
20 nafar imkoniyati cheklangan bolalar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga reabilitatsiya, psixologik-pedagogik korreksiya xizmatlari tashkil etishda ko‘maklashilgan. Xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 45 nafar bola esa O‘zbekiston Respublikasiga qaytarilgan.
O‘tgan davrda Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan bola huquqlari himoyasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida ham 20dan ortiq tadbirlar tashkil etilgan. Xususan, O‘zbekiston tashabbusiga ko‘ra, 2025-yil 11-12-sentyabr kunlari birinchi xalqaro forum o‘tkazilgan. Ushbu tadbir yakuni bo‘yicha mintaqaviy xamkorlikning mustahkam asosi sifatida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Bolalar ombudsmanlari tomonidan “Markaziy Osiyo davlatlarida bola huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi birinchi xalqaro forumning Deklaratsiyasi imzolangan.
Deputatlar tomonidan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning o‘tgan yildagi faoliyati yakunlari hamda davlat organlari tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etish holati haqida fikr-mulohazalar bildirilib, bola manfaatlarini ta’minlash faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi.
Majlisda siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari ham Bolalar ombudsmani ma’ruzasi yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirib o‘tdilar. Munozaralardan so‘ng, ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Gavhar OLIMOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
— Bolalar ombudsmanining Qonunchilik palatasiga taqdim qilgan ma’ruzasi dastlabki tarzda qo‘mitamiz, siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida va quyi palataning yalpi majlisida atroflicha ko‘rib chiqildi.
Aytish joizki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlar va aniq manzilli choralar natijasida davlat organlari faoliyatida bolaning qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda.
Bugungi kunda nufuzli xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekistonda bola huquqlarini ta’minlash masalasida samarali siyosat olib borilayotgani va bu Uchinchi Renessansga muhim poydevor bo‘layotganini alohida e’tirof etib, bu boradagi tarixiy islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bolalar ombudsmanining bola huquqlari va qonuniy mafaatlarini ta’minlashda samarali tashkilotga aylanib borayotgani hamda uning Qonunchilik palatasi bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilgani bolalar manfaatlarini qonunchilik darajasida ta’minlashda muhim o‘rin tutyapti.
Vakil qonun loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish jarayonida ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, bolalar manfaatlariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tahlil qilib, o‘z taklif va xulosalarini Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga taqdim etyapti.
Bolalar ombudsmani va Qonunchilik palatasi o‘rtasidagi hamkorlik bolalar manfaatlarini ta’minlashda muhim institutsional mexanizm bo‘lib, bu, o‘z navbatida, qonunlarning sifatini oshirish, bolalar huquqlarini amaliy himoya qilish va bu borada mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Surayyo RAHMONOVA, Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani):
— Bolalar ombudsmanining asosiy vazifalaridan biri — davlat va jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida bola manfaatlarini ilgari surishdir. Zero, bola huquqlariga oid har bir holatni oqilona hal etilishi ortida bolaning kelgusi hayoti, uning farovon kelajagi uchun yuksak mas’uliyat turadi.
Shu nuqtayi nazardan, faoliyatimiz davomidagi monitoringlar, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, bolalar bilan muloqotlarda ularning fikrlarini o‘rganish orqali bola huquqlarini ta’minlash tizimidagi vaziyatni tizimli tahlil qilib bormoqdamiz. Bola manfaatlari sohasida davlat organlari aynan qaysi muhim nuqtalarga ahamiyat berishi zarurligiga e’tibor qaratyapmiz.
Bizga kelayotgan murojaatlarning soni oshayotgani fuqarolarimizning huquqiy savodxonligi darajasi yuksalayotgani, bola huquqlari bo‘yicha davlat siyosatiga va Bolalar ombudsmani faoliyatiga ishonch ortib borayotganidan dalolat beradi.
Bola manfaatlari himoyasi sohasida o‘z faoliyatimizni davom ettirgan holda, bolani zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan, raqamli tahdidlardan himoya qilish, bolaning fikri va ovozini tinglash, ularni ijtimoiy himoyalash yo‘nalishlarini muhim istiqbolli vazifa sifatida belgilaganmiz.
Vasila ALIMOVA, Bolalar ombudsmanining Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili:
— Prezidentimiz tashabbusi asosida Bolalar ombudsmanining tashkil etilishi O‘zbekistonda bola huquqlarini himoya qilish tizimini institutsional jihatdan mustahkamlashning muhim bosqichi bo‘ldi.
Bolalar ombudsmanining Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili sifatida ishimizni hududda davlat organlari tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishi holatini tahlil qilib kelyapmiz.
Tabiiyki, bola huquqlarining buzilishiga oid murojaatlar salmog‘i ham boshqa viloyatlarga nisbatan ko‘proq.
Mintaqaviy vakilning mavjudligi fuqarolar murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish va hal etish, murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mahalliy tashabbuslarni ilgari surish imkonini bermoqda.
Ayni paytda esa hududiy mutasaddi davlat organlarining o‘zaro hamkorligini raqamli texnologiyalar asosida tizimli tashkil etish orqali bola huquqlari himoyasi mexanizmlarini yanada takomillashtirish ustida ishlayapmiz.
Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyati takomillashtiriladi
Majlisda deputatlar ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqdilar.
Ushbu qonun loyihasi ov qilish va ovchilar tayyorlash tartibini tizimlashtirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ovchilik xo‘jaliklarida bioxilma-xillikni saqlash va ko‘paytirish, ov turizmi infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Qurol to‘g‘risida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, qonun loyihasida ov qilish jarayonlari shaffofligini oshirishga qaratilgan normalar aks etmoqda. Shu bilan birga, ovchilik yo‘llanmalari (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkalari)ni berish maxsus elektron dastur orqali amalga oshirilishi, ular asosida mavsumiy yoki bir martalik ovni amalga oshirish huquqi taqdim etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Loyiha bilan pitomniklarda yetishtirilgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish joylariga qo‘yib yuborish amaliyoti qo‘llab-quvvatlanib, bunday hayvonlar hisobidan ov qilishni tashkil etishga ruxsat berilishi belgilanmoqda. Mazkur yondashuv ov qilish bilan bir vaqtda yovvoyi hayvonlar zaxirasini to‘ldirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklariga biriktirib berilgan ov qilish joylarida amalga oshirilishi belgilanyapti. Bu esa ov qilish ustidan nazoratni kuchaytirish hamda yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish va ularning tabiiy zaxirasini asrashga xizmat qiladi. Shuningdek, ov qilishni rejalashtirish, ruxsat etilgan hududlar va muddatlarni belgilashda yagona tizim asosida ish yuritish nazarda tutilmoqda.
Odiljon MAMADALIYEV, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi:
— Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida undagi normalar deputatlar bildirgan taklif va tavsiyalar asosida takomillashtirildi. Qonun loyihasining qabul qilinishi juda muhim. U hayvonot dunyosini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ovchilik madaniyatini oshirish hamda sohani barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy prinsiplari
Majlisda “Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasida sudlar mustaqilligini ta’minlashga oid muhim masalalar — sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirishning umumiy qoidalari, asosiy prinsiplari takomillashtirilmoqda Shuningdek, moliyalashtirishning manbasi, asosi va o‘ziga xos jihatlari aniqlashtirilmoqda.
Xususan, Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasining sud hokimiyati organlarini moliyalashtirishga oid qismini sud hokimiyati organlari bilan kelishish tartibi hamda ushbu loyihaning Qonunchilik palatasidagi muhokamalarida Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi va Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti vakillarining ishtiroki nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, sud hokimiyati organlari faoliyati uchun ajratilgan mablag‘larni taqsimlash va tasarruf etish tartiblari aks etmoqda.
Qonun loyihasida belgilanayotgan normalar sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Yong‘in xavfsizligi talablari kuchaytirilmoqda
Majlisda yong‘in xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yong‘inlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish, fuqarolar hayoti hamda sog‘lig‘i, jismoniy va yuridik shaxslar mulkining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash imkoniyatini beruvchi yaxlit yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, yong‘in xavfsizligi sohasida kompleks huquqiy, tashkiliy va profilaktik chora-tadbirlar va mexanizmlarni to‘liq yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olishda preventiv choralarni kuchaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Xususan, binolarning toifasidan kelib chiqib, texnik talablar, xususan, yonuvchan qurilish materiallarini ishlatishni taqiqlash va yong‘in natijasida yetkazilgan zararni qoplashdan tashqari aybdordan tovon undirish (tort law) institutini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, loyiha bilan obyektlarni yong‘in xavfsizligi talablariga mosligi bo‘yicha auditdan o‘tkazish tartibini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda. Shu bilan birga, mutasaddilarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi oshirilib, loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha huquq va majburiyatlari aniq belgilab berilyapti. Qonun loyihasi bilan fuqarolarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlari doirasi ham kengaytirilmoqda.
Bundan tashqari, suyultirilgan uglevodorod gazini chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik, yolg‘on yoki noto‘g‘ri auditorlik xulosasini tuzish yoki sertifikatga ega bo‘lmasdan auditda ishtirok etganlik uchun javobgarlik mexanizmlari takomillashtirilib, sohada preventiv choralar kuchaytirilmoqda. Qolaversa, shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillariga noqonuniy aralashganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanyapti.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi yong‘inlarning oldini olish tizimini takomillashtirish, inson hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha aholi va tashkilotlar mas’uliyatini yanada kuchaytirish, sohada nodavlat sektor ishtirokini kengaytirish hamda yong‘in oqibatida yetkaziladigan zararlarni kafolatli qoplanishiga qaratilgan.
Majlisda qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Deputatlar qonun loyihasining ayrim normalari, xususan, nazarda tutilayotgan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining yong‘in xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari, yong‘in auditi bilan bog‘liq masalalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirdi. Shuningdek, qonun loyihasini tayyorlashda qonunchilikning ayrim talablariga rioya qilinmagani qayd etilgan holda, uni yanada takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.