“Gender tenglik faoli” milliy tanlovining g‘oliblari aniqlandi

243
2 минуты
“Gender tenglik faoli” milliy tanlovining g‘oliblari aniqlandi
2026-yilning 14-fevralida Oliy Majlis Senatida “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Gender tenglik faoli” milliy tanlovi Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, gender tenglik hamda oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tashabbusi bilan har yili anʼanaviy ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Tanlovning asosiy maqsadi tashkilotlarda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan samarali siyosatni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajribalarni aniqlash va keng ommalashtirish, shuningdek, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Tadbirda qayd etilganidek, Prezident rahbarligida keyingi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning davlat boshqaruvi hamda jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyada, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda Gender tenglikka erishish strategiyasida mustahkam belgilab qo‘yilgan.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlar masalalariga oid 110 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, yaxlit institutsional tizim shakllantirilganini taʼkidladi. Gender tenglik siyosatiga nafaqat ijtimoiy adolat tamoyili, balki iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili sifatida qaralmoqda. Tahlillar ayollarni taʼlim, bandlik va boshqaruv sohalariga keng jalb etgan davlatlarda iqtisodiy o‘sish surʼatlari yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Parlamentlararo ittifoq maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatimiz parlamentida xotin-qizlar faolligi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Jahon banki indeksida esa mamlakatimiz gender tenglik sohasida eng tez rivojlanayotgan besh davlat qatorida qayd etilgan, Gender tenglik va boshqaruv indeksida esa 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi.
Qayd etilganidek, g‘olib deb topilgan tashkilotlarda xodimlarning o‘rtacha 30–50 foizini ayollar tashkil etadi, 60 nafar ayol rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 10 mingdan ziyod ayollar xodimlar kasbiy salohiyatini oshirish kurslariga jalb etilib, 13 mingdan ortiq ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2,1 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.
Tanlov komissiyasi tomonidan nizom talablari asosida baholash natijalariga ko‘ra 7 ta nominatsiya bo‘yicha quyidagi tashkilotlar g‘olib deb topildi:
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol respublika tashkiloti” – O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Markaziy bank, “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol hududiy tashkilot” – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tuman (shahar) tashkiloti” – Surxondaryo viloyati Uzun tumani Axborot-kutubxona markazi;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol hokimlik” – Farg‘ona shahar hokimligi, Guliston tumani hokimligi;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol nodavlat notijorat tashkiloti” –“Mehrimiz sizga” ayollar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi va “MILLENNIUM” nogiron yoshlarning ijtimoiy-huquqiy tiklanish markazi;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tadbirkorlik subyekti” – “MIRZO BOSHI” oilaviy korxonasi va “Safia” qandolat uyi;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol ommaviy axborot vositasi”– O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “O‘zbekiston 24” teleradiokanali va “Mahalla” gazetasi.
G‘olib tashkilotlar tomonidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 10 ga yaqin loyiha amalga oshirilgani qayd etildi. Ayniqsa, bu yo‘nalishda nodavlat notijorat tashkilotlar faolligi alohida eʼtirof etildi.
Kelgusida tanlov doirasida mahallalar ishtirokini yanada kengaytirish va “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol mahalla” nominatsiyasini joriy etish rejalashtirilmoqda.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...