Endi fuqarolarga pensiya avtomatil ravishda tayinlanadi

1 минута
Endi fuqarolarga pensiya avtomatil ravishda tayinlanadi
"Aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi. Unga ko'ra yoshga doir pensiya olish huquqini beradigan yoshga to‘lgan fuqarolarga ularning murojaatini talab etmagan xolda (proaktiv shaklda) pensiya tayinlanish hamda fuqarolarning shunday tartibda tayinlangan pensiyani rad etish huquqi beriladi.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi 938-XII-sonli Qonunining oldingi tahririda pensiya so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha hisoblab berilar edi, yangi tahrirga ko'ra endi pensiya axborot tizimidagi yoki fuqaro tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan avtomatik ravishda aniqlanadi. Qolaversa Qonunga quyidagi mazmundagi 43-1-modda qo'shilmoqda:
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshiga to‘lgan fuqarolarga yoshga doir pensiya ulardan murojaat talab etilmagan holda (proaktiv shaklda) tayinlanadi. Bunda fuqaroning yoshga doir pensiyaga bo‘lgan huquqi ushbu Qonunda belgilangan shartlar va normalarga muvofiq axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlarga asosan aniqlanadi. Fuqaroning pensiyaga bo‘lgan huquqini aniqlashda pensiyaning miqdori hisob-kitob qilinadi va pensiya tayinlanadi.
Agar fuqaro uning murojaatisiz (proaktiv shaklda) tayinlangan pensiya miqdoridan norozi bo‘lsa yoki mehnat faoliyatini davom ettirish va keyinchalik yoshga doir pensiyaga chiqish istagini bildirsa, u tayinlangan yoshga doir pensiyani rad etish huquqiga ega. Bunda fuqaro xabarnomani olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ariza bilan yoxud O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazi yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali so‘rovnoma to‘ldirilgan holda murojaat qilishi kerak.
Fuqaroning murojaatini talab etmagan holda (proaktiv shaklda) pensiya tayinlashning imkoni bo‘lmagan hollarda, pensiya fuqaroning murojaatiga asosan tayinlanadi.
Mazkur Qonun ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini aholi uchun pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni faol joriy etgan holda yanada oshirishga xizmat qiladi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...