
Qayd etilishicha, BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi jahon mamlakatlarida axborot jamiyati qanchalik taraqqiy etayotganini belgilab beruvchi asosiy ko‘rsatkichlardan biri sanaladi. Uning ahamiyatli jihati, aholi va davlat o‘rtasida elektron muloqotni kengaytirish, xizmatlarni qulaylashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. 2024-yilda e’lon qilingan reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 193 ta davlat orasida 63-o‘rinni egalladi. O‘tgan hisobot davriga nisbatan 6 pog‘onaga, oxirgi 2 ta reyting natijalariga ko‘ra esa umumiy 24 pog‘onaga ko‘tarilgan. Shuningdek, O‘zbekiston ilk marotaba Elektron hukumatni rivojlantirish indeksining baland guruhi (High EGDI)dan Elektron hukumatni rivojlantirish indeksining juda baland guruhiga (Very High EGDI) qo‘shilgan.
Berilgan javobda keltirilishicha, tibbiyot muassasalarida amalda foydalanilayotgan barcha axborot tizimlarini yagona ekotizimga birlashtirish maqsadida birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari hamda davolash-profilaktika muassasalari faoliyatini avtomatlashtirishga qaratilgan “DMED” axborot tizimi ham ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda ushbu tizim respublikadagi 470 ta tibbiyot muassasasida ishga tushirilgan va ma’lumotlar bazasida 32 mln. nafar bemorning birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi ma’lumotlari elektron shakllantirilgan.
Yig‘ilishda parlament so‘roviga kelgan javob atroflicha ko‘rib chiqildi va uni Qonunchilik palatasi majlisi muhokamasiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.