
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohani raqamlashtirish va axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish, boshqaruv jarayonidagi ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish, aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, so‘nggi 7 yilda sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘ 6 karra oshirildi. Hududlardagi shifoxonalar moddiy-texnik jihatdan yangilandi. Ilgari faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyot viloyat va tumanlarda o‘tkazilyapti.
Shuningdek, raqamli sog‘liqni saqlash platformasini ishlab chiqish doirasida barcha tibbiyot muassasalariga 23 ming 700 ta kompyuterlar xarid qilinib, ularning umumiy soni 64,8 mingta yetkazildi. Natijada, sohada kompyuter texnikasiga mavjud ehtiyoj 22 foizga qisqartirilib, 85 foiz shifokor kompyuter bilan ta’minlandi.
Birgina 2024-yilda respublika miqyosida 172 ming 178 nafardan ortiq tibbiyot xodimlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda sog‘liqni saqlash axborot tizimlari yo‘nalishida savodxonligi oshirilgan bo‘lsa, tibbiyot muassasalarida respublika bo‘yicha umumiy 2 ming 300 nafar IT-hamshiralar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Deputatlar kun tartibidagi masala yuzasidan joriy yilning aprel oyida Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi bir qator tibbiyot muassasalari faoliyati o‘rganilganda raqamli va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha ayrim muammolar borligi aniqlanganini qayd etdilar. Xususan, shifokorlar foydalanayotgan kompyuterlarda internet tezligi talab darajasida emasligi, bemorlar qabuli jarayonidagi ketma-ketlik holatlarida “Yagona tibbiyot axborot tizimi” (DMED) platformasida ishlashda texnik noqulayliklar kuzatilayotgani ta’kidlandi.
Qizg‘in bahs-munozaralar davomida tibbiyot sohasini raqamlashtirishda zaruriy axborot-kommunikatsiya jihozlari va tarmoq qurilmalari bilan ta’minlash, DMED tizimini barcha tibbiyot muassasalarida to‘liq joriy etish, sohani davr talablariga moslashtirish, sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasida tibbiy ma’lumotlar almashinuvi uchun dasturiy muhit yaratish, sohani davr talablariga moslashtirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.