
Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilishicha, Prezidentimizning 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston —2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida mamlakatimizni mintaqaviy “IT-HUB”ga aylantirish, “Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotida 2030-yilga qadar Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi bo‘yicha davlatlar ro‘yxatida birinchi 30 talikka kiritish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Bugungi kunda mazkur vazifalar ijrosi doirasida “Raqamli hukumat loyiha ofisi” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, raqamli hukumat tizimini rivojlantirish yuzasidan amaldagi holat bo‘yicha tahlillar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Natijada 2024-yilda e’lon qilingan reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 193 ta davlat orasida 63-o‘rinni egallab, o‘tgan hisobot davriga nisbatan 6 pog‘onaga, oxirgi 2 ta reyting natijalariga ko‘ra esa umumiy 24 pog‘onaga ko‘tarilgan. Eng muhimi, O‘zbekiston ilk marotaba Elektron hukumatni rivojlantirish indeksining baland guruhi (High EGDI)dan Elektron hukumatni rivojlantirish indeksining juda baland guruhiga (Very High EGDI) qo‘shilgan.
Berilgan javobga ko‘ra, “Raqamli hukumat” dasturi doirasida 300 ta ustuvor loyihalarni ishga tushirish belgilangan bo‘lib, ushbu vazifa doirasida davlat rahbarining tegishli qarori bilan 300 ta ustuvor loyihalarning ro‘yxati tasdiqlangan. Bugungi kun holatiga 2023-2024-yillarda davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini hamda hududlarni raqamlashtirish bo‘yicha jami 258 ta loyiha bajarilgan bo‘lsa, 42tasi esa bajarilmoqda.
Vazir javobiga ko‘ra, “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi O‘zbekiston Respublikasining raqamli iqtisodiyoti va elektron hukumatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari, o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi vazifalarini belgilaydi. Ushbu strategiyani amalga oshirish uchun har ikki yilda raqamli transformatsiya dasturlari qabul qilinmoqda.
Mazkur hujjatlarda “Elektron hukumat” tizimining yangi bosqichi — “Raqamli hukumat” tizimiga o‘tilib, barcha hujjatlar va munosabatlarning raqamli shaklda bo‘lishini ta’minlash, fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun murojaat qilishida ariza yozish, turli shakllarni to‘ldirish kabi ortiqcha formal tartiblarni bekor qilish, davlat idoralari zarur hujjatlarni elektron bazadan o‘zi oladigan tizim yaratish, davlat xizmatlarini “3 qadam”, “foydalanuvchi uchun moslashtirilgan”, “barchasi bir mobil ilovada” tamoyillari asosida raqamlashtirish va boshqa qator vazifalar o‘rin olgan.
Joriy yil boshidan buyon Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 51 ta yangi elektron xizmatlar joriy etilib, ularning umumiy soni 751 taga yetgan bo‘lsa, foydalanuvchilar soni 11 mln. nafardan oshgan. Qolaversa, yagona portalning mobil ilovasida 100 dan ortiq yangi elektron xizmatlar joriy qilingan holda, ularning umumiy soni 565 taga yetkazilgan.
Majlisda parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilganligi qayd etilib, Raqamli texnologiyalar vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.