Startaplar parlament qo'llovida

407
1 минута
Startaplar parlament qo'llovida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan startap loyihalarni qo‘llab quvvatlash, ularni amalga oshirishda moliyalashtirish, infratuzilma va tartibga solish bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish maqsadida davra suhbati o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqaro bozorlarga chiqarishni rag‘batlantirish borasida startap ekotizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2026-yil 11-fevraldagi “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatda innovatsion tadbirkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Tahlillarga ko‘ra, startap subyektlari faoliyatida moliyalashtirish manbalariga kirish imkoniyatini kengaytirish, venchur kapital bozorini hamda infratuzilmani rivojlantirish, innovatsion biznes modellariga mos huquqiy asoslarni yaratish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Tadbirda davlat ishtirokida venchur jamg‘armalarini tashkil etish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini kengaytirish, startap loyihalarga grantlar, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratish tartibini soddalashtirish, startap investorlar faoliyatini rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.

Innovatsion infratuzilmani rivojlantirish, hududlarda texnoparklar, biznes-inkubatorlar va akseleratsiya dasturlarini kengaytirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari va xususiy sektor o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish, startaplar uchun davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida taqdim etish yuzasidan qator takliflar bildirildi.

Shuningdek, startap subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini optimallashtirish, innovatsion loyihalar uchun eksperimental huquqiy rejim (sandbox) joriy etish, intellektual mulk obyektlarini himoya qilish tizimini kuchaytirish mexanizmlarini yaratish muhimligi qayd etildi.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan “Startaplar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish, bunda venchur moliyalashtirish instrumentlarining huquqiy maqomini aniq belgilash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida startap faoliyatining investitsion jozibadorligi oshishi, sohadagi xususiy kapital ishtirokining kengayishi, yangi ish o‘rinlari yaratilib, mamlakatning innovatsion salohiyati mustahkamlanishi ta’kidlandi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...