Ortga qaytmas islohotlarning mustahkam kafolati

168
10 минут
Ortga qaytmas islohotlarning mustahkam kafolati
Yangi O‘zbekistonning huquqiy xaritasi

Vatanimiz tarixida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan sana — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida turib, yana bir karra amin bo‘lmoqdamizki, xalq irodasi, milliy qadriyatlar va umuminsoniy g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Asosiy Qonunimiz bugun jamiyatimiz va mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, yangi tahrir bilan kiritilgan barcha o‘zgartirishlar odamlarimizning turmush tarzida, kundalik hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Konstitutsiya xalqimiz manfaatlarining himoyachisi va istiqbolining o‘ziga xos huquqiy xaritasiga aylangan. Albatta, Yangi O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi o‘tgan davrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatini ham tubdan o‘zgartirdi. Avvalo, Bosh qomusimiz asosida 2024-yil 27-oktyabr kuni Qonunchilik palatasiga saylov Saylov kodeksiga muvofiq umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida bo‘lib o‘tdi. Milliy saylov tarixi tizimida birinchi marta saylov aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar va proporsional saylov tizimi asosida tashkil etildi. Xalqimiz nafaqat o‘zi tanlagan deputatlarni saylashdi, balki siyosiy partiyalarga ham baho berdilar.

Shu asnoda Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputat tarkibining partiyaviy mansubligiga ko‘ra —O‘zLiDeP — 64 ta o‘rin (42,7 foiz), “Milliy tiklanish” DP — 29 ta o‘rin (19,3 foiz), “Adolat” SDP — 21 ta o‘rin (14 foiz), O‘zXDP — 20 ta o‘rin (13,3 foiz), Ekologik partiya — 16 ta o‘rin (10,7 foiz) egalladi.

Saylangan deputatlarning 38 foizini yoki 57 nafarini xotin-qizlar tashkil etib, bu O‘zbekiston tarixida eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Deputatlar tarkibi turli soha vakillari orasidan saylandi. Bu, jamiyatdagi turli masala va muammolarni qonunchilik asosida hal etish imkoniyatini kengaytirdi.

Konstitutsiya talabidan kelib chiqib, Palatada tizimli ravishda siyosiy va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2024-yil 18 — 20-noyabr kunlari Oliy Majlis palatalari majlislaridagi nutqlari yangi tarkibdagi parlament, shu jumladan, Qonunchilik palatasi faoliyatiga yangicha ruh va yangi mazmun kasb etgan edi. Unda Palataning keng ko‘lamdagi faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari aniq belgilanib, ustuvor vazifalar ta’kidlab o‘tilgandi.

Davlatimiz rahbarining bu nutqlari Qonunchilik palatasining barcha formatdagi faoliyati, deputatlarimizning ishchan sa’y-harakatlari hamda qonun ijodkorligi uchun o‘ziga xos dastur bo‘lib xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz nutqlarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Harakatlar dasturi tasdiqlandi.

Qonunchilik palatasining rahbariyati, jumladan, ikki nafar Spiker o‘rinbosarlari saylandi. Siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari Spiker o‘rinbosarlari emas, balki fraksiya rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan holda, ularning mustaqilligi va vakolatlari kengaydi.

Qonunchilik palatasida 10 ta qo‘mita tuzildi. Xususan, Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq, Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitalari faoliyati tubdan va mohiyatan qayta tashkil etilgani islohotlarning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarida parlamentning ishtiroki, o‘rni va ta’sirini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Qonunchilik palatasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida uning huzurida Jamoaviy tashabbuslar bo‘yicha, Qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha, Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha, Tashabbusli budjet jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha parlament komissiyalari tashkil etildi. Shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarning holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh samarali faoliyat olib bormoqda.

Bugun Qonunchilik palatasida raqobat va bahs muhiti tobora kengayib bormoqda. Bu ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiyada belgilangan vakolatlari amalda to‘liq aks etayotganidan dalolatdir. Masalan, ikki yetakchi siyosiy partiya — O‘zLiDeP hamda “Milliy tiklanish” DP fraksiyalari tomonidan “Taraqqiyot bloki” tashkil etildi. O‘zXDP esa o‘zini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi, deb e’lon qildi.

Hozirda Palatada ko‘rilayotgan barcha masalalarda, qabul qilinayotgan qonunlarda har bir fraksiyaning va ayniqsa, muxolif fraksiyaning qarashlari va takliflari aks etmoqda.

Quyi palata qo‘mitalari faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni yanada kuchaytirish maqsadida ular huzurida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat Jamoatchilik kengashlari tuzildi.

Qabul qilinayotgan qonun loyihalarining muhokamalarida jamoatchilik vakillari, ekspert va mutaxassislar, tashabbuskor fuqarolarimizning bevosita ishtirok etish tizimi muvaffaqiyatli ishlab, o‘z samarasini bermoqda. Hozirgacha qabul qilingan qonunlarda ular bergan asosli takliflar aks etgan.

Umuman, Palata fuqarolik jamiyati institutlari bilan tamomila yangicha asosda va uslubda hamkorlik qilib kelmoqda. Shu kunlarda bo‘lib o‘tgan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasidagi barcha tadbirlarda deputatlik korpusi vakillari faol ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar bo‘yicha konstruktiv takliflar bildirishdi.

Prezidentimiz Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida deputat — bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan insondir, deya ta’kidlagan edi.

Ana shu yuksak bahoga munosab bo‘lish maqsadida bugun deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati tubdan o‘zgartirildi. Xalq vakillarining saylovchilar bilan uchrashuvlarining barcha tashkiliy-huquqiy masalalari to‘liq yechildi. Ularga qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida deputatlar 27 mingga yaqin manzillarga borib, uchrashuvlar o‘tkazdi. 10 mingdan ortiq aholi xonadonlarida bo‘lishdi.

Ko‘pgina masalalar joyida hal qilindi. Saylovchilar tomonidan bildirilgan ayrim taklif va murojaatlar esa huquqiy normalarda aks etdi.

Yangi tizim asosida 2026-yil 1-yanvardan boshlab, deputatlar tanlovi bilan har yili tashabbusli budjet jarayonlari doirasida tegishli saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan ikkita loyiha moliyalashtirilishi belgilandi. Bu deputatning o‘z saylov okrugidagi masalalarni amalda hal etishning juda muhim mexanizmlaridan biri bo‘ldi.

Qonunlar qabul qilish orqali Konstitutsiya normalari hayotga tatbiq etilmoqda

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, Qonunchilik palatasi tomonidan Konstitutsiya normalariga uyg‘un bo‘lgan yangi qonunlar qabul qilinmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — inson huquqlarini mustahkam ta’minlash, jamiyat, mamlakat taraqqiyotining zamonaviy huquqiy asoslarini yaratishdir.

Deputatlar amaldagi qonunchilikni Bosh qomusimiz normalariga moslashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Konstitutsiya bilan Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan yangi institutlar amaliyotga tatbiq etilyapti.

Shunga ko‘ra, yakuniga yetib borayotgan yilda Qonunchilik palatasining asosiy faoliyati hisoblangan qonun ijodkorligi jarayonini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor berilmoqda. Jamiyatimizdagi dolzarb muammolarga huquqiy yechim topish, xalqchil qonunlar qabul qilish va qonun loyihalarining sifatini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2025 — 2029-yillarga mo‘ljallangan qonun ijodkorligi dasturi bu borada muhim o‘rin tutyapti.

Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlar soni avvalgi yillarga qaraganda bir muncha ko‘paydi.

O‘tgan davrda butun bir sohani tartibga soluvchi qator yaxlit qonunlar ko‘rib chiqildi hamda qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi, “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuning barobarida, xalqimiz farovonligini oshirishga, aholiga qo‘shimcha yengillik va imtiyozlar yaratishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qator qonunlar ham qabul qilinmoqda. Eng muhimi, ularda Konstitutsiyamizda nazarda tutilgan inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati, barcha ehtiyojlarini qamrab oluvchi oliy qadriyatlar aks etmoqda.

Birgina misol, ilgari amaliyotda bo‘lmagan juda ko‘p xalqchil, huquqiy asoslar yaratildi. Masalan, jismoniy shaxslarning ular bilan kredit bitimlarini tuzishga doir taqiq belgilashga va uni olib tashlashga bo‘lgan huquqlari, ularni kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishning tartibi va shartlari Qonun bilan belgilandi. Kredit axborotidan foydalanuvchilarning belgilangan taqiqni buzgan holda kredit bitimini tuzganlik uchun javobgarligi nazarda tutildi. Ya’ni, jismoniy shaxslar o‘zlari bilan kredit bitimlarini tuzishga doir taqiq belgilash va uni olib tashlash huquqiga ega bo‘ldi.

Yana bir Qonun bilan aholiga videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

Pensiya yoshiga to‘lgan fuqarolarga ularning murojaatisiz avtomatik tarzda (“proaktiv”) yoshga doir pensiya tayinlanishi Qonun bilan kafolatlandi.

Aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan Qonun bilan esa sayilgoh, xiyobon, bog‘ va daraxtzorlar hamda ular joylashgan yerlarni xususiylashtirishni taqiqlash, shuningdek, bu hududlarda bino va inshootlar qurilishini cheklash orqali ushbu maskanlar muhofazasini kuchaytirish choralari belgilandi.

Bularning barchasi, eng avvalo, inson qadri uchun xizmat qilmoqda, odamlarimizning mushkulini oson qilmoqda, jamiyatda adolatni ta’minlamoqda.

Bu esa, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, qonun qabul qilindimi, u albatta ishlashi kerak va odamlar hayotida sezilarli o‘zgarish bo‘lishi lozim, degan fikrlari hayotda o‘z ifodasini topayotganidan dalolatdir.

Parlament nazorati — bu, avvalo, “xalq nazorati, xalq so‘rovi”

Asosiy Qonunimizda parlament nazorati institutining faol ishlashi uchun zarur bo‘lgan barcha huquqiy asoslar belgilangan. Xususan, Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish hamda Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari bo‘yicha har yilgi ma’ruzasini eshitish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlaridan biri sifatida aks etgan.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, parlament nazorati — bu, avvalo, “xalq nazorati, xalq so‘rovi” ekanini unutmaslik lozim.

Parlamentning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish, ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyamiz va qonunlar bilan berilgan zarur vakolatlardan samarali foydalanilmoqda.

Prezidentimizning o‘tgan yil noyabr oyidagi Oliy Majlis palatalari a’zolari bilan o‘tkazilgan majlislardagi dasturiy nutqlaridan kelib chiqib, parlament nazorati samaradorligini yanada oshirish, Qonunchilik palatasi va hukumat o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan qator choralar ko‘rildi. Jumladan, vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar, inspeksiyalar va boshqa tashkilotlar Qonunchilik palatasining qo‘mitalariga biriktirildi.

Vazirlik va idoralarda rahbar o‘rinbosarlari quyi palata qo‘mitalari bilan doimiy hamkorlik uchun mas’ul etib belgilandi.

Parlament nazoratini amalga oshirishda ijro hokimiyatining quyi bo‘g‘inigacha tushish, tuman va shaharlardagi muammolarni, qonunlar ijrosini tegishli qo‘mita va mas’ul ijro etuvchi organ bilan birgalikda nazorat-tahlil tartibida o‘rganib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Parlament so‘rovi va deputat so‘rovlarini yuborish hamda qabul qilishning elektron tizimiga o‘tildi.

Parlament nazoratining eng muhim yo‘nalishlaridan biri mamlakatning bosh moliyaviy hujjati — Davlat budjetining samarali bajarilishini ta’minlash, budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatishdir.

O‘tgan davrda Qonunchilik palatasining Davlat budjeti ijrosini nazorat qilish mexanizmlari yanada kuchaytirildi. Xususan, hukumatning davlat budjetiga doir barcha hisobotlarini quyi palataga faqat Budjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda kiritish amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Qonunchilik palatasiga taqdim etiladigan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot turlari kengaytirildi.

Unga muvofiq, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida har olti oyda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning budjet mablag‘laridan foydalanishi bilan bog‘liq maqsadli indikatorlari bajarilishi yuzasidan vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini, har chorak yakunida Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat budjeti daromadlari prognozining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitib borish yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilning 9 oyida Qonunchilik palatasi qo‘mitalari majlislarida 18 ta vazirlik, 4 ta agentlik, 4 ta qo‘mita hamda 4 ta tashkilotning maqsadli indikatorlari bajarilishi holati haqidagi axborotlari jami 29 marotaba eshitildi.

Ushbu amaliyot Davlat budjeti ijrosini nazorat qilishda qo‘mitalarning rolini yanada oshirishga, birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning xarajatlari ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining Davlat budjeti, Davlat dasturlari ijrosi bo‘yicha hisobotlarini, Hukumat a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash, “Hukumat soati” instituti kabi muhim demokratik amaliyotlar parlament hayotida mustahkam o‘rin egalladi.

Saylovchilar tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar yuzasidan rahbarlarning axborotini ko‘rib chiqish, odamlarni o‘ylantirayotgan muammolar bo‘yicha deputatlarning savollariga hukumat a’zolarining javobini eshitish, davlat organlari rahbarlariga parlament va deputat so‘rovlarini yuborish singari parlament nazoratining ta’sirchan shakllaridan foydalanildi.

Asosiy Qonunimizga ko‘ra, parlament, xususan, Qonunchilik palatasi mamlakat tashqi siyosatiga oid muhim strategik vazifalarni hal etishda ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasini Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisoboti muntazam eshitib borilmoqda.

Parlament nazoratining ushbu yangi shakli O‘zbekistonning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish borasidagi o‘z milliy maqsadlariga to‘laqonli erishishi, shu asnoda mamlakat taraqqiyotini ta’minlashga huquqiy yordam bermoqda.

Parlament diplomatiyasi geografiyasi kengaymoqda

Konstitutsiyamizda belgilangan normalar parlament diplomatiyasini rivojlantirishning huquqiy asosi bo‘lmoqda. Parlamentlararo aloqalar tashqi siyosatimizning muhim muloqot vositalaridan biriga aylanib, parlament diplomatiyasi geografiyasi kengaymoqda.

Jumladan, Qonunchilik palatasi ham xorijiy parlamentlar bilan samarali hamkorlik olib bormoqda.

Oliy Majlis palatalari Kengashlarining Qo‘shma qarorlariga muvofiq yirik parlamentlararo tuzilmalardagi doimiy delegatsiyalar tarkibi tasdiqlandi.

O‘zbekiston xalqaro parlamentlariylarning nufuzli muloqotlar markaziga aylanib boryapti. Toshkent shahrida muvaffaqiyatli o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi bunga yaqqol misol bo‘lib, uning doirasida 30 ga yaqin davlatlarning parlamentlari rahbarlari bilan bevosta uchrashuvlar o‘tkazildi.

Unda deputatlar minglab parlamentariylar bilan muloqotda bo‘lishdi, qonun ijodkorligi yo‘nalishida qizg‘in fikr va tajriba almashishdi.

Ayni vaqtda Qonunchilik palatasida tashkil etilgan parlamentlararo guruhlar samarali faoliyat olib borib, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi manfaatli aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilyapti.

Albatta, bularning barchasi mamlakatimizning jahon miqyosidagi obro‘-e’tiborini yanada oshirish, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbus va g‘oyalarning amalga oshirilishini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Xulosa o‘rnida aytganda, xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi bo‘lgan Bosh qomusimizning har bir moddasi va qoidasini milliy qonunchiligimizga muvofiqlashtirish, yangi qonunlar qabul qilish orqali Konstitutsiya normalarini hayotga izchil va samarali tatbiq etishda parlament yanada faol va tashabbuskor bo‘ladi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini ta’minlashda doimo ishonchli kafolat bo‘lib kelgan va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...