Prezidentimizning 2025-yil 30-apreldagi tegishli qarori bu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarning mustahkam huquqiy asosini yaratib berdi. Ushbu hujjatda Ichki ishlar vazirligi barcha mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanib, ichki ishlar organlari mas’ul bo‘linmalari so‘roviga asosan shubhali pul o‘tkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalarini tezkorlik bilan bloklashga oid choralarni ko‘rish nazarda tutilgan.
Vazirlik, Bosh prokuratura va Markaziy bank o‘rtasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda tezkorlik bilan ma’lumotlar uzatish va tushgan murojaatlar bo‘yicha tez choralarni ko‘rish maqsadida elektron ma’lumotlar almashinuv platformasini ishga tushirish kabi tadbirlar belgilangan.
Shu yil 27-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarga ham alohida e’tibor qaratilib, kiberjinoyatlarni tezkor fosh etish va to‘xtatish uchun vazirlik tomonidan bu sohada ko‘rilayotgan choralar samaradorligini oshirish muhim hisoblanadi.
Ma’lumki, vazirlik tizimida Kiberxavfsizlik markazi va hududlarda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Vazirlik tizimida esa Kiberxavfsizlik bo‘yicha departament tashkil etilishi rejalashtirilgan.
2025-yilda Markaz va hududlardagi boshqarmalar tomonidan 8,8 mingta kiberjinoyatlar fosh etilib, bu ko‘rsatgich 2024-yilgi nisbatan 5,2 baravariga oshgan. 1,6 ming eng xavfli dasturlar faoliyati esa to‘xtatilgan. Natijada 13 mingdan ortiq fuqarolarning buzilgan qonuniy manfaatlarini tiklanishiga, yetkazilgan 95,4 mlrd so‘m moddiy zarar o‘z egalariga qaytarilishiga erishilgan.
Shuningdek, 4,6 mingta kiberjinoyatlar tashabbus bilan aniqlanib, bu ko‘rsatgich 2024-yilga nisbatan 4,2 baravariga yaxshilangan. Kibermakonda jamoat tartibiga tahdid soluvchi 5,7 mingta zararli kontentlar va resurslar aniqlanib, 3,8 mingta Internet resurslari va 1,6 mingta firibgarlikka undovchi zararli havolalar faoliyati boshqa idoralar bilan hamkorlikda to‘xtatilgan.
Yuqorida qayd etilgan elektron ma’lumotlar almashinuv platforma foydalanishga topshirilib, fuqarodan ariza tushishi bilan shu vaqtning o‘zida undan noqonuniy o‘zlashtirilgan pullar o‘tkazilgan hisobraqamlarni bloklash imkoniyati yaratilmoqda. Xususan, 2025-yil sentabrdan hozirga qadar 43,3 mlrd so‘m chetga chiqishi to‘xtatib qolindi va 11,7 mingta jinoyatga aloqador hisobraqamlar banklar tomonidan bloklandi.
Firibgarliklarni oldini olish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda xorijdan keladigan soxta qo‘ng‘iroqlarni cheklash tizimi ham joriy qilindi. Natijada 2025-yil iyul oyidan hozirga qadar 2 mlndan ortiq soxta qo‘ng‘iroqlar bloklanib, jinoyatlarning oldini olishga erishildi.
Shu bilan birga, aholining kiberjinoyatlardan ogohligini oshirish bo‘yicha o‘tgan yilda barcha soha xizmatlarini jalb qilgan holda kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilib, aholining 17 mlndan ortig‘i qamrab olindi.