Uchrashuvda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarni, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Suhbat davomida M.Xo‘jayeva mehmon tomoniga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi va parlament nazorati yo‘nalishidagi faoliyati haqida ma’lumotlar berdi.
O‘z navbatida, delegatsiya rahbari so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etib, parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, delegatsiyalar almashuvi hamda norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.