
Axborotda keltirilishicha, 2025-yilning birinchi yarim yilligi holatiga ko‘ra, mamlakatdagi 38 mingdan ortiq maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 2,4 mln. nafardan ortiq bolalar ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularning umumiy qamrov darajasi 77 foizga, 6 yoshli bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichi esa 96 foizga yetgan.
Hisobot davrida 54 ta yangi bog‘cha qurilib, 6 820 ta qo‘shimcha o‘rin yaratilgan. Davlat xususiy sherikchilik asosida 51 ta, oilaviy nodavlat sektorda esa 505 ta yangi muassasa tashkil etilib, jami 26 331 nafar bola uchun yangi o‘rinlar yaratilgan. Olis va chekka hududlardagi bolalarni qamrab olish maqsadida 30 ta “Aqlvoy” avtobusi asosida 60 ta o‘yin maydonchasi tashkil etilib, 142 ta mobil guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ta’lim sifatini oshirish maqsadida 325 ta tayanch bog‘cha ochilib, ular planshet va elektron doskalar bilan jihozlangan. “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi-2025” tanlovi, “Velomarafon”, “Shaxmat festivali” kabi tadbirlar tashkil etilgan. Toshkentdagi 12 ta bog‘chada bolalarga fransuz tili bepul o‘rgatilmoqda.
Deputatlarning maktab o‘qituvchilari uchun malaka toifa sinovlari, kasbiy sertifikatlash jarayonlari va malaka oshirish kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq savollariga mas’ullar tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida 177 ming nafarga yaqin pedagoglar toifa sinovlarida, 4 800 nafar stajor-o‘qituvchi sertifikatlash sinovlarida ishtirok etgani ma’lum qilindi. Shuningdek, PISA 2025 tadqiqoti doirasida 8 655 nafar o‘quvchi qatnashgan. “Vazir jamg‘armasi” hisobiga ko‘ra 1 000 nafar ilg‘or o‘qituvchiga har oylik ustama to‘lab borilyapti.
Ta’limda raqamlashtirish, samaradorlik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida elektron shahodatnomalar tarqatilib, 11-sinf bitiruvchilaridan 11 566 nafariga oltin va 2 475 nafariga kumush medal berilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar darsliklar ta’minoti masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Hisobotda keltirilishicha, xalqaro tajribalar asosida 159 nomda 27,2 mln. nusxa darslik va o‘quv-metodik majmualar nashr etilib, maktablarga yetkazib berilmoqda. “Raqamli kutubxona” moduli tajriba tariqasida joriy qilingan.
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida “Coursera” platformasi orqali 330 ming nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tib, 325 ming nafari xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan. 107 nafar rahbar va o‘qituvchi xorijiy mamlakatlarda stajirovka o‘tadi. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi asosida 381 995 nafar pedagog malakasi oshirilgan. Xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatga ega o‘quvchi va o‘qituvchilar soni sezilarli darajada o‘sgan.
Ikkinchi xorijiy tilni o‘rgatish amaliyoti 354 ta maktabda yo‘lga qo‘yilib, 94 ta maktabda kasb-hunar o‘rgatishga tadbirkorlar jalb etilgan. Kambag‘al oila farzandlarini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyoz asosida qabul qilish tartibi tasdiqlanib, “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan 229 137 nafar bola bog‘chalarga imtiyozli qabul qilingan. Bu jarayon “Onlayn mahalla – online-mahalla.uz” platformasi hamda vazirlikning “Bolalar bog‘chasi – bbit.uz” axborot tizimi integratsiya qilingan.
Muhokamalar davomida vazirlik mutasaddilariga har yilgi davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lardan samarali foydalanish, bunda maqsadli indikatorlar ijrosiga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilab olish va uni muntazam amalga oshirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, qisman bajarilgan yoki bajarilmay qolgan maqsadli indikator ko‘rsatkichlarini chuqur tahlil qilish, ularning ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobotlarni tizimli nazoratga olish va bu boradagi ishlar sifatini oshirish zarurligi ta’kidlandi.