Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy va institutsional islohotlar tizimli amalga oshirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash va mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar amaliyotga keng tatbiq etilmoqda.
Joriy yil 5-mart kuni korrupsiyaning oldini olish borasidagi ishlar natijadorligi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida muhokama qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berildi.
2024-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy ta’minlashga qaratilgan 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishning huquqiy asoslari yaratildi. Agentlik tomonidan 2024 yilda 111 ta davlat xaridida manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan vazirlik va idoralarga 57 ta taqdimnoma, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 54 ta so‘rovnoma kiritilib, 75 ta holatda xaridlar bekor qilinishi ta’minlandi.
Shuningdek, davlat xaridlari maxsus axborot portalida tovar (ish, xizmat)larning narxlarini jamoatchilik uchun shaffofligi ta’minlandi. Davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha masofaviy monitoring qilish tartibi, davlat xaridlarida yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritishning ma’muriy reglamenti, davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka mas’ul xodimlarini o‘qitishga mo‘ljallangan “E-learning” ta’lim platforma (data.anticorruption.uz) ishga tushirildi.
Davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini boshqarishga oid faoliyatini raqamlashtirish axborot tizimi (hrm.argos.uz) yo‘lga qo‘yildi.
Majlisda qayd etilganidek, 2024-yilda davlat boshqaruvida byurokratiyani qisqartirish, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish, davlat xizmatlarini soddalashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 710 tadan oshgan.
Xususan, pensiya tayinlash uchun ariza berish, tibbiy ma’lumotnoma olish, kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga ariza berish, nafaqa tayinlash, mehmonxona qurish uchun subsidiya olish, talabalar uchun ta’lim krediti olish, davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash va boshqa xizmatlarning elektron shaklga o‘tkazilishi byurokratiya va korrupsiya omillarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimini uzluksiz oshirib borish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi ishga tushirildi. Sudlar tomonidan mansabdor shaxslarning bekor qilingan noqonuniy qarorlari to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish tizimi yaratilib, Oliy sudning interaktiv xizmatlari portalida (public.sud.uz) davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslarining noqonuniy qarorlarini bekor qilish haqidagi sud qarorlarini ochiq e’lon qilib borish tartibi yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, “Open data inventory” reytingida O‘zbekiston 195 ta davlat ichida 12 o‘rinni egallab, 2022-yilga nisbatan 18 pog‘onaga yaxshilandi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa 1-o‘rinni egalladi.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, ushbu sohada to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar ham mavjudligi qayd etildi. Manfaatlar to‘qnashuvi, davlat xaridlari, davlat organlarining ochiqligi hamda budjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar to‘liq bartaraf etilmayotgani tanqid qilindi.
“Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan talablar to‘liq ijro etilmasdan qolayotgani, O‘zbekistonning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish ishlari yakuniga yetkazilmagani deputatlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.