Innovatsiyalar, axborot siyosati va axborot texnologiyalari yo‘nalishida qonun ijodkorligi faoliyati yuzasidan istiqbolli rejalar muhokama qilindi

2747
2 минуты
Innovatsiyalar, axborot siyosati va axborot texnologiyalari yo‘nalishida qonun ijodkorligi faoliyati yuzasidan istiqbolli rejalar muhokama qilindi
2023 yil 8 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda 2023-2024 yillarda innovatsiyalar, axborot siyosati va axborot texnologiyalari yo‘nalishida qonun ijodkorligi faoliyati yuzasidan istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda yangi tahrirda qabul qilinishi nazarda tutilgan ayrim qonun hujjatlarini o‘z vaqtida ishlab chiqish va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishda muddatlarning kechikishi kuzatilmoqda. Xususan, “Startaplar to‘g‘risida”gi, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi hamda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining qabul qilinishi bugungi kunning dolzarb ahamiyatiga ega masalasi hisoblanadi.

Tadbirda mazkur qonun hujjatlarini ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralarning axborotlari eshitildi. Raqamli texnologiyalar vazirligining qayd etishicha “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi hamda “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonunlar vazirlik va idoralar, shuningdek jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar asosida puxta ishlab chiqilgan. Biroq raqamli texnologiyalarning shiddat bilan rivojlanishi, sohaga ko‘plab yangiliklarning kirib kelishi qonun loyihalarini qayta ko‘rib chiqish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Shu sababli ularni bugungi kunda olib borilayotgan islohotlarni inobatga olgan holda yanada takomillashtirib quyi palataga kiritish maqsadga muvofiq deb topilgan.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining axborotiga ko‘ra, “Startaplar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi to‘liq ishlab chiqilgan va bugungi kunda manfaatdor idoralar bilan kelishilmoqda.

Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlarining qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan qonun hujjati — Axborot kodeksi to‘g‘risida ham ma’lumot berib o‘tildi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi va Oliy Majlisga taqdim etilishi lozim bo‘lgan. Biroq, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi Axborot kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va uning tarkibiga “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun normalarini ham kiritish vazifasi belgilangan.

Mazkur qonun loyihasi qabul qilinishi bilan asosan axborot olish va tarqatish bilan bog‘liq bo‘lgan tarqoq holdagi, biroq mazmunan o‘xshash va tartibga solish qamrovi o‘zaro yaqin 8 ta qonun bitta normativ-huquqiy hujjat shaklida bir kodeksga jamlangan va kodeks loyihasi 2022 yilning dekabr oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Tadbir davomida deputatlar va mutasaddi vakillar qonun ijodkorligi faoliyati sifatini yanada oshirish hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida 2023-2024 yillarda innovatsiyalar, axborot siyosati va axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi qonun loyihalarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilishi bo‘yicha maxsus Ish rejani ishlab chiqishga kelishib olishdi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...