Deputatlar, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etgan tadbirda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar orqali tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish va axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish, boshqaruv jarayonidagi ortiqcha tartib-tamoyillarni qisqartirish, aholiga xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, tibbiyot xodimlarining ish samaradorligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Aqlli tibbiyot” sohada yangi tizim bo‘lib, uning asosiy maqsadi sohada kam vaqt va kuch sarflab yuqori natijaga erishishdir. Aqlli tibbiyot – bu barcha uchun sifatli davolashni, kasallikning oldini erta olish imkonini beradigan, insonlarning turmush tarzi sifatini oshirishga xizmat qiladigan zamonaviy innovatsion texnologiyalardan tashkil topgan tizim hisoblanadi.
Seminarda tibbiyot sohasida sun’iy intellekt va axborot tizimlarining joriy etilishi, elektron tibbiy kartalar tizimi, “Aqlli klinikalar” konsepsiyasi va ularning samaradorlikka ta’siri, sog‘liqni saqlash sohasida IT infratuzilmasini rivojlantirish hamda Milliy axborot tizimi DMED haqida taqdimot qilindi.
Deputatlar mamlakatimizda tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida fikr bildirib, sohaga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Tadbirda shuningdek, zamonaviy tibbiyotda raqamli texnologiyalarning tutgan o‘rni, ularni amaliyotga joriy qilishdagi dolzarb muammolar va istiqbolli yechimlar xususida ham fikr almashildi.