
Biroq jahonda yuz berayotgan notinchlik, ommaviy tartibsizliklar hamda keskinlik davlatlar tinchligiga putur yetkazib, xalqlarning o‘zaro do‘stligiga va osoyishtaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayrim jinoiy guruhlar tomonidan bunday harakatlarning moliyalashtirilayotganligi hamda ularni tashkil etish uchun maxsus tayyorlangan shaxslar jalb etilayotganligi bu kabi qilmishlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashni taqozo etmoqda.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasiga quyidagi normalar kiritilmoqda:
Shaxsning ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tishi, shu jumladan ommaviy tartibsizliklarni sodir etish bilimini, amaliy mahoratini va ko‘nikmalarini egallashi, o‘quv chog‘ida qurol-yarog‘, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan boshqa moddalar va buyumlar bilan muomala qilish usullarini o‘rganishi, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish yoxud ushbu faoliyatni moliyalashtirish, xuddi shuningdek ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish, —
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs, agar u o‘quvdan o‘tganligi to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday o‘quvdan o‘tgan, o‘quvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek o‘quv o‘tkazilgan joyni aniqlashga faol ko‘maklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Ushbu Qonun mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, uyushgan jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish tizimini takomillashtirishga hamda jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.