Oydin ABDULLAYEVA: Mustaqillikni mustahkamlash omili

90
5 минут
Oydin ABDULLAYEVA: Mustaqillikni mustahkamlash omili
Shu kunlarda ko‘p millatli xalqimiz Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqea — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik sanasini baland ruh va ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlamoqdalar.

Ta’kidlash joiz, yildan-yilga rivojlanish sur’atlari va samaradorlik darajasi o‘sib bormoqda. Natijada, o‘tgan tarixan qisqa vaqt davomida O‘zbekistonning siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy va madaniy-ma’naviy manzarasi tubdan zamonaviy demokratik tamoyillar negizida takomillashdi. Shu bois ham, O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda balki umumjahon siyosiy, iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy maydonida eng rivojlanayotgan zamonaviy va tashabbuskor hamkor davlat maqomida yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.

So‘nggi yetti-sakkiz yil ichida davlatimiz o‘zining barcha sa’y-harakatlarini inson manfaatlariga qaratar ekan, aholining turmush tarzini yanada yaxshilash barobarida xalqimizning ma’naviy onggini yuksaltirish, shu bilan birga jonajon vatanimizning buyuk o‘tmishi, milliy o‘zligini anglash bilan bog‘liq masalaga alohida e’tibor qaratdi. Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish maqsadi davlat siyosatinining eng dolzarb va o‘zan vazifasi etib belgilandi. Va albatta, bu sharafli va muqaddas g‘oyani hayotga tadbiq etishda respublikamiz ijodkor-ziyolilari va olim-ma’rifatchilarining o‘rni va mas’uliyati nihoyatda muhim hisoblanadi.

Davlatimiz bu borada o‘zining qadrini qayta angladi, deyishimiz mumkin. Negaki, yurtimizning boy va betakror madaniyati shu qadar yuqori salohiyatga egaki, uni yuksak darajada tarannum etish orqali oldimizda turgan global vazifalarga yechim topishimiz mumkin.

Zamonaviy dunyo insoniyatning madaniyat sohasida erishgan yutuqlari mahsulidir. Binobarin, qadim zamonlardan boshlab, musiqa, tasviriy san’at, adabiyot Yaqin va O‘rta Sharq xalqlarining ma’naviy olamini tashkil etgan bo‘lib, uni asrash va kelajak avlodga bezavol yetkazish bugungi globallashuv zamonida o‘ta muhim sanaladi.

Shu bois, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda xalqaro maqom san’ati, baxshichilik san’ati, hunarmandchilik festivallari, folklor va raqs san’ati bo‘yicha “Buyuk ipak yo‘li”, “Lazgi” xalqaro festivallari, Toshkent xalqaro kinofestivali singari yirik madaniy tadbirlar katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilmoqda. Ushbu anjumanlarni o‘tkazishda jahonning yirik madaniyat va san’at namoyandalari bilan bir qatorda yuqori martabali olimlar ham jalb etildi. Yuqorida nomlari zikr etilgan har bir sohaning amaliy jihati bilan birga ilmiy tarafini ham tadqiq etishga e’tibor qaratildiki, bu holat nafaqat O‘zbekistonda, balki jahon san’atshunosligida yangi ilmiy tendensiyalarni belgilab berishga xizmat qildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 15-oktabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish g‘oyasini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, yurtimiz ijodkorlarining sa’y-harakatlari bilan turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatlarning milliy adabiyoti namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildik muhtasham adabiy majmua nashr etildi. Unga umumturkiy adabiyotning eng sara namunalari, o‘zbek, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, turkman va venger adabiyotining XI-XXI asrlarga mansub 629 nafar atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritildi.

Mamlakatimiz tomonidan yuqori saviyada amalga oshirilgan ushbu fundamental ish turkiy tilli davlatlar ijodkorlarining tafakkuri, ijodiy qarashlari, fikrlash jarayonlari o‘rtasidagi chuqur falsafiylik, nozik adabiy estetika singari o‘xshash umumiylik tendensiyalarini namoyish etdi. Zero, davlatlarimiz ijodkorlarining adabiy sohada erishgan yutuqlari, taraqqiyot bosqichlarida o‘zaro ta’sir va almashinuv jarayonlari natijasida dunyoga kelgan milliy va xalqchil umrboqiy durdona asarlarning xalqlarimiz o‘rtasida yanada kengroq o‘rganilishi qardosh xalqlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davlatimizning 33 yillik to‘yi arafasida bo‘lib o‘tgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII Xalqaro Kongress jahonning turli davlatlaridan tashrif buyurgan ilm-fan va san’at arboblari, olim va tadqiqotchilar, ekspert va restavratorlar, muzeyshunos va boshqa o‘nlab soha mutaxassislarining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Negaki, anjuman chog‘ida jamoatchilik e’tiboriga taqdim etilgan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” nomli turkumning 80 jildi mamlakatimizda madaniy merosni o‘rganish va himoya qilish borasida olib borilayotgan samarali ishlarning munosib namoyishi bo‘ldi. Bunday fundamental nashrning yaratilishi mamlakatimiz olim va tadqiqotchilarining chet ellardagi eng mashhur kutubxonalar, oliygoh va muzeylar, nufuzli ilm-ma’rifat maskanlari bilan olib borgan samarali hamkorligi va tinimsiz mehnati mahsulidir.

Mamlakatimizda bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi esa buyuk alloma va mutafakkirlarimizning dunyo, xususan, musulmon ilm-fani va sivilizatsiyasi ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasini chuqur anglash, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatiga doir fundamental tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, va bu yo‘lda jahon ilm ahli bilan hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar makoni yaratilganini namoyish etdi.

Davlatimiz mustaqilligi tantanalari arafasida bo‘lib o‘tgan yana bir voqelik — “Sharq taronalari” festivali dunyo musiqa san’ati ahlini tom ma’noda birlashtirdi. Darhaqiqat, yurtimizda o‘n uchinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjumanning eng birinchisida 31 ta mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, bu yil barcha qit’alardagi 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ziyod san’atkor va olimlar ishtirok etdi. Bu esa, festivalning nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Negaki, u jahon xalqlarining boy va rang-barang musiqiy-madaniy qadriyatlarini targ‘ib etish bilan birga O‘zbekistonda turizm sohasining rivojlanishi uchun ham katta yo‘l ochib berdi. Mamlakatimiz ushbu festivalga dunyo jamoatchiligini jalb etish orqali yurtimizning boy madaniy merosi, betakror urf-odatlari va an’analarini ham namoyish eta oldi. Bu jihat esa, davlatimizning dunyoga ochiq, hamkorlikka tayyor ekanini yaqqol belgilab berdi.

Bugun butun dunyoda beqaror, xavotirli geosiyosiy va geoiqtisodiy manzara yuzaga kelmoqda. Turli mamlakatlar o‘rtasida nizolar, qarama-qarshilik, ishonchsizlik muhiti, ma’naviy tanazzul kuzatilmoqda. Notinch va tahlikali davrda azaliy qadriyatlarimizni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora qiyinlashmoqda.

Mana shunday murakkab zamonda o‘tmish tariximizdan saboq olib, odamiylikning ezgu g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan musiqiy va adabiy merosimizning qimmatbaho namunalaridan quvvat olishimiz zarur. Shu ma’noda, O‘zbekiston madaniyat sohasida olib borayotgan keng qamrovli islohotlari va bu borada erishayotgan ulkan yutuqlari orqali jahon ahlini tinchlik-totuvlikka, qardoshlik va ahillikka chaqirmoqda.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...