1991-yil kuzigacha oldiniga orzudek tuyulib, sovet imperiyasi so‘nggi yillarini boshdan kechirayotgani ayonlashib borgani sari qo‘l cho‘zib yetgudek marraga aylangan istiqlol unga erishilgach o‘zgacha sifat kasb etib bordi.
Kuzakning ilk kun va haftalarida butun ong va vujudimizni, endi buyog‘i bari zo‘r bo‘ladi — uzoq payt ozodlikka tashna bo‘lib kelgan millatimiz mehnatkash va iste’dodli, tez orada demokratiya, bozor iqtisodiyoti tantana qilib, dunyoga chiqamiz, ilg‘or davlatlar qatoridan o‘rin olamiz, farovon, mazmunli va adolatli turmush kechiramiz, degan ishonch qamrab olgan edi.
O‘shanda rahmatli otamizning, to‘g‘ri, shunday bo‘lishini men ham istayman, biroq sen o‘ylagandek oson kechmaydi, deganlari ham bor gap.
Chindan ham, 33 yil birdek o‘tgani yo‘q. Tarix hukmiga ko‘ra ushbu jiddiygina, rosmana tahlillari ikki bosqichga ajralib bo‘lganini ham inkor etish mumkin emas. Eng muhimi, mustaqillik unga tashnalar uchun ne’matdek qabul qilinsa-da, aslida o‘ta mashaqqatli, qarama-qarshiliklarga boy, goh quvontirib, goh xafa qiladigan jarayon — huquq ekan!
Bu haqdagi ilk qarashlarimizni “Milliy tiklanish” gazetasida bosilgan “Mustaqillik demokratiyasi” sarlavhali maqolamizda bayon etganimizga ham ikki yili kam o‘ttiz yil bo‘libdi...
O‘shandan keyingi juda murakkab, ba’zan tushunib bo‘lmas pallalarda mustaqillikning mustamlakachilikdan farqi va afzalliklari borasida shubhali o‘ylarga ham borganimizni yashirib o‘tirmaymiz. Millat o‘laroq boshqa kimgadir butunlay qaramlikdan qutulish, davlat mustaqilligini tiklash bir ish, jamiyat — yurtdoshlar mustaqilligi boshqa bir ish ekani haqidagi “vahimali” xulosalarimiz ham o‘sha paytlarda to‘kila boshlagani rost!
Demak, davlatchilik o‘z yo‘liga, ammo milliyatchilik omili ham o‘ta muhim va zarur ekan! Boshqacha aytganda, garchi har qanday sharoitda davlatchilikni yoqlasak-da, biroq uning negizi bo‘lmish inson — millatni yuzaga chiqarmay turib, davlatni mustahkamlab ham, taraqqiy ettirib ham bo‘lmas ekan. Uch ming yillik milliy davlatchilik rivojimizdagi eng hal qiluvchi bosqichlardan biri sanalmish Yangi O‘zbekiston ushbu haqiqatning boqiyligi va samaraliligini isbotladi-qo‘ydi!
Hech bir shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomi va xizmatlari bilan bog‘langan va bog‘lanadigan Yangi O‘zbekiston nimadan boshlanganini eslash, eslatish ham farz, ham qarz.
Erkinlik, umummilliy erkinlikdan!
O‘sha kezlari ijtimoiy-iqtisodiy ahvolimiz o‘ta tang bo‘lgani endilikda bir yomon tushga aylanib ulgurdi. Siyosiy vaziyat, ayniqsa, mintaqamizdagi taranglik darajasini ham hozirda birov yo xotirlaydi, yo yo‘q. Ammo o‘zbekning necha-necha avlodi tashna bo‘lgan omil — erkinlik bugun biz baralla aytayotgan yangilanishlar, o‘zgarishlar davrini ochib berganini hech kim inkor etolmaydi. Agar kelib chiqishi arabcha bo‘lmish “mustaqillik” so‘zi o‘z erki bilan ish ko‘rishni bildirishi-yu, “o‘zbek”ning ma’nisi ham aslida shundayligidan kelib chiqilsa, 2016 yil kuzida jamiyatimizga in’om etilgan bebaho kuch va boylikning ahamiyati yanada oydinlashishi muqarrar.
Demak, inson erkiga qurilgan davlatchilikkina o‘z vazifasini to‘laqonli va oqilona bajara olishi mumkin ekan! Negaki, insonning ilk va borliq huquqi uning erkidir! O‘tgan sakkiz yillik o‘ta qisqa vaqt ichida milliy yetakchimiz boshchiligida erishilgan va erishilayotgan chindan ham, tarixiy yutuqlarimiz — 3000 yillik davlatchilik rivojimizda ilk bor demokratiya bosqichiga o‘tilgani, bozor iqtisodiyoti tiklangani, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimlarida adolat o‘rnatilgani, majburiy mehnat — paxta qulligidan qutulingani, so‘z erkinligiga erishilgani, musulmonchiligimiz saqlab qolingani, tarixiy Turon — Markaziy Osiyo, Turkiy dunyo birligi ta’minlagani, xalqaro maydonda yo‘qotilgan o‘rnimiz qaytib olinayotgani — barcha-barchasining buloqboshisi aynan shu tengsiz omil bilan bog‘liqligiga qattiq ishonamiz!
Ha, mustaqillik erkinlikdir!