Xususan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida mamlakatimizni raqamlashtirish orqali fuqarolarimizga qulay shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada esa fuqarolarning axboriy huquqlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlaydigan yangi normalar o‘z aksini topdi.
Bosh qomusimizda har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi hamda o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi, har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga egaligi, davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilab qo‘yildi.
Ushbu sohaning huquqiy asoslarini yaratishga katta e’tibor qaratilib, raqamli texnologiyalarni joriy qilish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish, elektron tijorat va onlayn davlat ximatlarini rivojlantirishga bo‘yicha qator qonunlar qabul qilindi.
So‘nggi yillarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining rivojlanishi hayotning ko‘p sohalariga ta’sir ko‘rsatdi. Barcha sohalarda raqamlashtirishning kirib kelishi, yuqori suratdagi taraqqiyoti butun sanoatning rivojlanishida, fuqarolarning vaqt va mablag‘larini tejash, davlat organlarining faoliyatini tubdan yahshilash hamda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda.
Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi sohadagi islohotlarning huquqiy asosini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, qo‘mitamiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan 40 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘ldi va ulardan 35 tasi qabul qilindi.
Shuningdek, qo‘mita a’zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 6 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, quyi palata muhokamasiga kiritildi. Qonun loyihalarini har jihatdan mukammal bo‘lishini ta’minlash maqsadida qo‘mita mas’ul bo‘lgan qonun loyihalari muhokamasi bo‘yicha jami 216 ta ishchi guruh, 39 ta ekspertlar guruhi yig‘ilishlari o‘tkazildi.
Qo‘mita mas’ul bo‘lgan qonun loyihalarining jamoatchilik muhokamalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada Oliy Majlis palatalari Kengashlari qarori bilan tashkil etilgan Oliy Majlis huzuridagi Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi imkoniyatlaridan keng foydalanildi. Jamoatchilik kengashining axborot va raqamli texnologiyalar sohasidagi mutaxassis va ekspertlari ko‘magida qator qonun loyihalari takomillashtirildi.
So‘nggi besh yilda qo‘mita mas’ulligida “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi, “Fazoviy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi, “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi, “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi, “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi, “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi, “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qator yangi qonunlar qabul qilindi.
Birgina tuhmat va haqorat kabi huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlikni bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash va demokratiya tamoyillarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Tuhmat va haqorat kabi huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlikni bekor qilish orqali erkin fikr bildirish va tanqid qilish yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlandi. Bu esa mamlakatimizda yanada shaffof va erkin axborot maydonini yaratilishiga zamin yaratdi.
Qo‘mita o‘tgan davrda parlament nazorati institutining ta’sirchan mexanizmlaridan samarali foydalangan holda, joylardagi tizimli muammolarni hal etish, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari zimmasidagi muhim masalalarning o‘z vaqtida ijro etilishi holatini o‘rganish hamda uning yakunlari bo‘yicha mas’ullar axborotini eshitib borishga ham jiddiy yondashdi.
Xususan, muayyan yilga mo‘ljallangan davlat dasturlari, axborot va raqamli texnologiyalar sohasidagi qonunlar, jumladan reklama sohasida davlat tili qoidalariga rioya etilishi, onlayn davlat xizmatlari ko‘rsatilishi sifatining oshirilishi, raqamli ta’lim ko‘lamini kengaytirish va boshqa masalalar yuzasidan 56 ta tadbir o‘tkazildi.
Saylovchilar tomonidan ko‘tarilayotgan masalalar va joylarda olib borilayotgan o‘rganishlar davomida aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida parlament nazoratining ta’sirchan shakllaridan unumli foydalanildi. 2020-2024- yillar davomida qo‘mita tashabbusi bilan davlat organlarining mansabdor shaxslariga 5 ta parlament va 98 ta deputat so‘rovi yuborildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi konstitutsiyaviy norma asosida belgilab qo‘yildi. Bu Prezidentimiz tomonidan “Inson qadri uchun” shiori ostida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga to‘la mos keladi.
Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash joylardagi mavjud muammolarni bartaraf etishda muhim omil sanaladi. Shu bois, qo‘mita a’zolari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda ularni hal etishga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, 1100 ta murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, deputatlarimiz sa’y-harakati bilan ularning salmoqli qismi hal etildi.
O‘tgan davrda qo‘mita tomonidan tashkil etilgan tadbirlar doirasida AKT sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, zamonaviy kasb sifatida IT yo‘nalishida iqtidorli yoshlarni saralash, o‘qitish va xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash, media savodxonlikni oshirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash hamda qo‘mita vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar muhokama qilindi.
Umuman olganda, bugun insoniyat global o‘zgarishlar davriga kirib bormoqda. Uning hayotiy faoliyati, iqtisodiyoti va boshqaruvi, fan va texnikaning asosiy sohalari yangi shakl va mazmunga hamda axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya sohalaridagi taraqqiyotga bevosita bog‘liq. Raqamlashtirish obyektiv muqarrar jarayondir va uni to‘xtatish mumkin emas. Shunday ekan, raqamlashtirish va raqamli transformatsiya jarayoni O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun asosiy ustuvor vazifa bo‘lishi kerak.
Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi.