Bolalar Ombudsmani lavozimiga yangi nomzod tasdiqlandi

1053
4 минуты
Bolalar Ombudsmani lavozimiga yangi nomzod tasdiqlandi

   Joriy yilning 10 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibidan qator masalalar o‘rin olgan bo‘lib, bir qancha qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, majlisda deputatlar Bolalar Ombudsmani lavozimiga ilgari surilgan nomzodni tasdiqlash masalasini ham ko’rib chiqishdi va bir ovozdan ushbu lavozimga Surayyo Rahmonova nomzodini tasdiqlab berishdi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunining 23-moddasiga muvofiq nomzod ko’rib chiqish va tasdiqlash uchun Oliy Majlis Senatiga yuborildi.

      Bolalar Ombudsmani o‘zi kim?

   Bolalar ombudsmani yoki bolalar huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi birinchi bo‘lib Norvegiyada 1982 yilda ta’sis etilgan. Shvetsiyada esa bunday institut 1993 yilda faoliyat boshlagan. Hozirgi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Bolalar ombudsmani instituti faoliyat ko‘rsatmoqda.

   O’zbekistonda ham bola huquqlari, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Birgina BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning mamlakatimizda ratifikatsiya qilinishi (1992 yil 9 dekabr) bolalarning huquqiy va ijtimoiy maqomini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat orqali O‘zbekiston xalqaro konvensiya qoidalari va prinsiplariga rioya etish, bola huquqlarini himoya qilishning milliy qonunchilik tizimini takomillashtirish bo‘yicha majburiyatlarni hamda jahon hamjamiyati oldida javobgarlik masalasini o‘z zimmasiga oldi. Mamlakatimizda bu yo‘nalishda o‘tgan yillarda izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda jamiyatimizning boshqa sohalari kabi bu jabhadagi ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarildi.
Prezidentimizning 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4296-sonli Qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etilishi natijasida mamlakatimizda bola huquqlari himoyasining tashkiliy va institutsional asoslari yanada mustahkamlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4736-sonli Qarorida Bola huquqlari bo‘yicha vakilning quyidagi asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilandi.

   Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini bajarish strategiyasini va bola huquqlari masalalari boʻyicha boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
   bolalar va ularning qonuniy vakillari orasida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tushuntirish, bola huquqlari va Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyati haqidagi xalqaro hamda milliy normalar qoidalarini targʻib qilish;
   aholi oʻrtasida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari masalalari boʻyicha huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishga koʻmaklashish;
  jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, bolalar hamda ular qonuniy vakillarining bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi toʻgʻrisidagi murojaatlarini koʻrib chiqish orqali bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlash;
   bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining ijrosini oʻrganish;
   oʻz vakolati doirasida bola huquqlari va erkinliklari xalqaro standartlarini qonun hujjatlariga tatbiq etishni hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatida bola huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish;
   bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish va ularni himoya qilish holatidan jamoatchilikni xabardor qilish;
   imkoniyati cheklangan bolalar, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar tarbiya muassasalarini tamomlagandan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish;
   tarbiya muassasalarini tamomlagan uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning maqsadli kommunal uy-joy fondidagi belgilangan sanitariya va texnik meʼyorlarga hamda qonun hujjatlarining boshqa talablariga javob beradigan turar-joy bilan taʼminlanishiga koʻmaklashish;
   bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga koʻmaklashish, bunda bolaning eng ustun manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan normalarni qabul qilish, shu jumladan, bola huquqlari va erkinliklari masalalari boʻyicha xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
   maslahat, tavsiya va xulosalar berish orqali davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi faoliyatini takomillashtirishga koʻmaklashish;
   bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
   Ma’lumot uchun: Aliya Tuygunovna Yunusova 2020 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi birinchi Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsmani lavozimida ishlab kelgan.

  • Комментарии
Загрузка комментариев...