Xodimlarning ish haqi xalqaro konvensiya darajasida himoya qilinadi

45
2 минуты
Xodimlarning ish haqi xalqaro konvensiya darajasida himoya qilinadi
      2024-yilning 12-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev “Xalqaro mehnat tashkilotining ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1949-yil 1-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi.
      Mazkur Konvensiyaning qabul qilinishi nimani anglatadi? Ish haqi bizning qonunchilikda qanday himoya qilingan? Shu va shunga o’xshash savollarga maqolani o‘qish davomida javob topishingiz mumkin.
      Konvensiyaga ko‘ra ish haqi faqatgina muayyan davlatning qonunchiligi bilan himoya qilinadigan valyutada to‘lanadi. Ish haqini qarz majburiyatlari, tilxatlar, kuponlar tarzida to‘lash taqiqlanadi.
      Davlatning qonunchiligi, jamoaviy shartnomalar va arbitraj qarorlarga ko‘ra ish haqining ma’lum bir qismi natura ko‘rinishida to‘lanishi mumkin. Ushbu vaziyatda ish haqini natura shaklida to‘lanishi odatiy va ijobiy bo‘lishi zarur (Asosan qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchilar orasidagi munosabat).
      Ish beruvchilarga har qanday shaklda xodimlarning ish haqini erkin tasarruf etishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
      Ish haqi milliy qonunchilikda belgilangan tartibda va hajmda olib qo‘yilishi mumkin.
      Mazkur Konvensiyaning ijrosi bo‘yicha Xalqaro Mehnat Tashkilotiga a’zo davlatlar har yili hisobot topshiradilar.
      E’tiborli jihati shundaki, agarda sizda ish haqi bilan bog’liq muammo paydo bo‘lsa-da, biroq muammoga yechim milliy qonunchiligimizda aks ettirilmagan bo‘lsa, mazkur Konvensiyaga murojaat qilishingiz mumkin. Zero O‘zbekiston Respublikasining
      Konstitutsiyasining 15-moddasida agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llanilishi qayd etilgan. (*Bilish lozim. Ayrim xalqaro shartnomalarning normalari shartlar bilan qabul qilingan bo‘lishi mumkin. Shu sababli xalqaro shartnomani qabul qilishdagi O‘zbekiston shartlari bilan tanishib chiqish lozim).
      Yurtimizda ish haqiga oid munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq tartibga solinadi. Kodeksning 15-bobida mehnatga haq to‘lash va ish haqi tushunchalari, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash, mehnatga haq to‘lash shartlarini va miqdorini belgilash, Ish haqini to‘lash muddatlari, ish haqini to‘lash shakllari va joyi hamda boshqa masalalar to‘liq aks ettirilgan.
      Qayd etish joizki, Konvensiya 2024-yilda ratifikatsiya bo‘lganiga qaramasdan, uning ichidagi adolatli normalar 2023-yil 30-aprelda kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida to‘liq aks etgan.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...