Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xizmatchilarining samarali faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim harakatlarga nisbatan cheklovlar o‘rnatildi

80
2 минуты
Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xizmatchilarining samarali faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim harakatlarga nisbatan cheklovlar o‘rnatildi
2024-yil 29-noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Qonunga ko‘ra Prokuratura organlari, Davlat bojxona xizmati, harbiy xizmatchilar, Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlariga nisbatan quyidagi cheklovlar joriy etilmoqda:
o‘zaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) Milliy gvardiya organlarida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga olib kelsa;
ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga;
tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga;
o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga;
qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlardan, preferensiyalar yoki afzalliklardan o‘z xizmat mavqeyi bilan bog‘liq holda foydalanishga;
qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ishtirok etishga;
chet davlat fuqaroligini yoki chet davlatda doimiy yashash huquqini beruvchi hujjatni olish maqsadida murojaat qilishga;
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega bo‘lishga, ko‘chmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda ta’lim olish, stajirovka o‘tash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar mustasno;
o‘zining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalarining va ular organlarining manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirishga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq hollar bundan mustasno;
xizmatni o‘tash vaqtida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarishga, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan alohida hollar bundan mustasno.
Ta’kidlanishicha, ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar jangovar shayligini va xizmat faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida tarbiyaviy ishlar natijadorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...