Qonun loyihasining dolzarb ahamiyati shundan iboratki, endi nafaqat ushbu vositalarni muomalaga kiritganlik, balki ularni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama yoki namoyish etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolashga sabab bo‘ladi.
O‘sib kelayotgan yosh avlodning sog‘lig‘ini asrash, ular o‘rtasida turli xil huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida giyohvandlik va psixotrop moddalar reklamasini o‘quv yurtlari va ularning yotoqxonalari hududida, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida yoki o‘quvchilar, talabalar tomonidan o‘quv, sport va jamoat tadbirlarini o‘tkazish uchun foydalaniladigan boshqa joylarda, shuningdek ularga tutash hududlarda sodir etganlik og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanmoqda va kuchliroq javobgarlikka tortilishi nazarda tutilmoqda.
Achinarlisi bugungi kunda giyohvandlik vositalarini targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish va reklama qilishning yangi usullari paydo bo‘lib, aholi yashash joylari, ta’lim muassasalariga tutash joylardagi devor va yo‘laklarga “narkograffiti” (internet-do‘kon manzilining matni yoki grafikasi)ni chizish yo‘li bilan targ‘ib va reklama qilish holatlari tobora ko‘paymoqda. Mas’ullarga ko‘ra 2021 yilda 227 ta, 2022 yilda 2 962 ta va 2023 yilda 7152 ta narkograffiti chizish holatlari aniqlangan.
Giyohvandlik vositalarini o‘tkazish uchun mijozlarni topishda axborot texnologiyalari va Internetdan foydalanish holatlari kun sayin ortib bormoqda. Buning xavfli jihati – jinoyat sodir etgan shaxs noma’lum bo‘lishi uni aniqlashda qiyinchiliklar tug‘dirishga olib keladi.