Davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi hujjatbozlik va sarsongarchilikning oldi olinmoqda

396
2 минуты
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi hujjatbozlik va sarsongarchilikning oldi olinmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratik to‘siqlar yanada qisqartirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Respublikada davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan 73 turdagi ma’lumotnoma va hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinib, davlat organlari tomonidan ushbu ma’lumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish tizimi joriy etildi. Ushbu qonun loyihasi orqali yuqorida ta’kidlangan muammolarni bartaraf etish masalasi turibdi. Unga ko‘ra, 1ta kodeks va 2ta qonunga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Hozirgi vaqtda, fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali qayd qilinayotganligi hamda arxiv ma’lumotlari mazkur elektron tizimda saqlanayotganligi sababli dalolatnoma yozuvlarini faqat 1 nusxada rasmiylashtirish imkoniyati mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 201-moddasiga ko‘ra, dalolatnomalar 2 nusxada yozilishi belgilanganligi sababli ushbu moddaga o‘zgartirish kiritilmoqda. Shuningdek, hozirda FHDYO organlari tomonidan beriladigan gerbli guvohnomalarga QR-kod tasviri tushirilib, e-fhdyo.uz tizimi orqali uning haqiqiyligini tekshirish hamda gerbli guvohnomalar blankalariga seriya va raqamlarni axborot tizimi orqali chop etish imkoniyati yaratilgan. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 202-moddasiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Bundan tashqari, 2021 yil 1 iyundan boshlab 16 yoshga to‘lgan shaxslarga identifikatsiyalovchi ID-kartalarni berish bilan bir vaqtning o‘zida ularni davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yish hamda fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yishni amalga oshirish tizimi joriy etilgan. 2021 yil 1 iyuldan boshlab fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi bekor qilingan. Shu munosabat bilan “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ushbu loyihaning qabul qilinishi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasining takomillashtirilishiga, pensiya tizimida hisobga qo‘yishning soddalashtirilishiga hamda sudlanganlik holati mavjud emasligi yoki mavjudligini tasdiqlovchi hujjatning O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan talab qilinmasligi holatlarini belgilashga xizmat qiladi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...