“Taʼlimda raqamlashtirish”

685
4 минуты
“Taʼlimda raqamlashtirish”
          Joriy yilning 29 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Jamoatchilik kengashi hamkorligida “Taʼlimda raqamlashtirish” degan mavzuda davra suhbati tashkil qilindi. Tadbirda xalq vakillari, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari va OAV ishtirok etishdi.
         Qayd etilishicha soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda raqamli texnologiyalar sohasini rivojlantirish borasida koʻzga koʻrinarli ishlar qilindi. Bularning natijasida davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari oshmoqda. Mazkur natijalarga erishishda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va sohaga yoʻnaltirilgan turli xil dasturlar ijrosini taʼminlash muhim rol oʻynaydi. 2020 yil 5 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6097-sonli Farmonida turli sohalar bilan bir qatorda, taʼlim yoʻnalishini raqamlashtirishga oid qator vazifalar belgilangan edi. Ushbu hujjat bilan taʼlim dargohlarini yuqori tezlikdagi Internet bilan taʼminlash, oʻquvchilarning baholarini shaffof tarzda qayd etib borish maqsadida elektron kundalik tizimini joriy etish va boshqalar shular jumlasidan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 5 oktyabr kuni imzolangan “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6079-sonli Farmonining taʼlim sohasini raqamlashtirishga oid bandlari ijrosini taʼminlash borasida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining amalga oshirayotgan ishlari holati oʻrganilganda quyidagilar aniqlandi. 2022-2023 oʻquv yilida 4 724 ta kompyuter sinf xonalari (qariyb 76 ming dona kompyuter), 800 ta interaktiv doska va 442 ta komplekt robototexnika jihozlari maktablarga yetkazib berilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalari vazirligi koʻmagida 10 100 ta (99,9%) umumtaʼlim maktabiga Internet tarmogʻi infratuzilmasi olib kelingan va “Education” tarif rejasidagi internetdan foydalanish yoʻlga qoʻyilgan. Shu bilan birga, 10 185 ta umumtaʼlim maktabi va “Barkamol avlod” bollar maktabining 12 mingdan ortiq kompyuter sinf xonalari va 10 mingdan ortiq oʻquv ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari xonasi ichki lokal tarmoq hamda oʻqituvchilar xonasi “Wi-Fi” qurilmalari bilan taʼminlangan. Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimida 20 dan ortiq axborot tizimlari ishlab chiqilib, tizimga joriy etilmoqda. Jumladan: - “Maktab taʼlim jarayonini Yagona elektron tizimi — “erp.maktab.uz” dasturiy majmuasi ishlab chiqilib 14 ta manfaatdor vazirlik va idoralarning maʼlumotlar bazalariga integratsiya qilingan hamda maʼlumotlar ombori yaratilgan. Shuningdek, sinf parametrlari asosida shakllantirilgan sinf jamlanmasi moliyalashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining UzAsbo dasturiy majmuasi bilan integratsiya amalga oshirilgan.
Oʻquvchilarning oʻzlashtirishini baholash va monitoring olib borish hamda oʻqituvchilar faoliyatiga oid statistika va hisobotlarni yuritish maqsadida “Elektron kundalik” avtomatlashtirilgan axborot tizimini respublika boʻyicha 10 104 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida joriy etilgan.
       Fanlar kesimida oʻqituvchilarning mavjud vakant oʻrinlariga munosib nomzodlar bilan toʻldirishning shaffof mexanizmini yaratish maqsadida “Oʻqituvchilarning milliy kadrlar zaxirasi” maxsus elektron portali (https://ntr.avloniy.uz/) yaratilgan va boshqalar.
       Yigʻilishda deputatlar erishilgan yutuqlar bilan birga, ayrim kamchiliklarga toʻxtalib oʻtishdi. Jumladan, barcha taʼlim tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 100 foiz optik tolali Internet liniyalari bilan taʼminlangan boʻlsa-da, taʼlim tashkilotlari tomonidan ushbu liniyalar imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayapti. Respublikaning chekka hududlaridagi taʼlim muassasalarida maʼnan eskirgan kompyuterlar saqlanib qolinmoqda. Maktablardagi barcha kompyuter xonalari UPS qurilmasi bilan taʼminlanmagan. Oʻquv yilining oʻrtasida kompyuteri yaroqsiz holga kelgan maktablarda keyingi yil xarajatlar smetasiga kiritilgunga qadar kompyuterlarni taʼmirlash zarurati mavjudligicha qolmoqda. Elektron tizimlarda integratsiyalash jarayonlarida maktabda taʼlim olayotgan doimiy yashash boʻyicha roʻyxatdan oʻtmagan oilalarning farzandlari taʼlim olishi muammolarga uchramoqda. Qolaversa, tizimdagi umumtaʼlim maktablarida internetdan foydalanishni monitoring qilish hamda mazkur xizmatlar uchun davlat bydjeti mablagʻlarini maqsadli sarflanishini nazorat qilib borish imkoniyati mavjud emas.
       Qizgʻin bahs-munozaraga boy boʻlgan mazkur davra suhbati yakunida tadbir ishtirokchilari tomonidan taʼlim yoʻnalishini raqamlashtirish orqali uning samaradorligini oshirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. 
  • Комментарии
Загрузка комментариев...