Gap shundaki, mamlakatimiz Prezidentining biznes vakillari bilan o‘tadigan uchrashuvi shunchaki muloqotga asoslanmaydi, balki sohadagi muammolar o‘rtaga tashlanib, aniq yechimlar beriladi. Masalan, 2021-yilda bo‘lib o‘tgan ilk ochiq muloqot natijalari bo‘yicha 57 ta, 2022-yilda 55 ta, o‘tgan yili esa 56 ta tashabbus ilgari surilib, o‘zining ijobiy yechimini topdi.
Muhimi, bugun tadbirkor davlat himoyasida ekanligiga va uning faoliyatiga hech kim aralasha olmasligiga, to‘siq qo‘yaolmasligiga ishondi. Bu ishonchning huquqiy asoslari tegishli qonunlarda o‘z aksini topayotganligi barqaror iqtisodiy o‘sish va rivojlanishga intilayotgan O‘zbekiston tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish borasida salmoqli qadamlar qo‘yayotganligini bildiradi. Xususan, so‘nggi yillarda mamlakatda biznesni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 3 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi asosli dalildir.
Ta’kidlash joizki, ochiq muloqotning ko‘lami ham, qamrovi ham yildan yilga ortib boryapti. Har yilgi uchrashuvlar bir-biridan o‘zgacha takliflar, tavsiyalar, tashabbuslar, yangi bir islohotlarning boshlanishi bilan ajralib turibdi. Xususan, o‘tgan ochiq muloqotlar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi, “Biznesni rivojlantirish banki”, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi.
Qolaversa, ko‘plab tadbirkorlarni qiynab kelgan va ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan soliq islohotlari joriy qilindi. Yurtimizda Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etilishi ham sohadagi katta qadamlardan biri bo‘ldi.
Bu esa o‘z navbatida, tadbirkorlarning o‘z ustida ishlashi, biznesini rivojlantirish uchun izlanishi, sohaga ilmiy yondoshgan holda O‘zbekiston milliy brendini yaratib, dunyo bozorlaridan hech ikkilanmay o‘rin olishiga, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishiga olib keladi.
Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istondagi uchrashuvda aynan shu kabi masalalarga alohida to‘xtalib, bu makonda biznes qilishning boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi borligiga, ya’ni, imtiyozlar paketi ko‘pligi, yer ajratishning sodda tizimi, katta bozorlarga chiqish uchun qulayligiga e’tiborni qaratdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tadbirda barcha hududlardan 300 ga yaqin tadbirkor va investor, shuningdek, xorijda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan 40 dan ortiq o‘zbekistonliklar, 1000 dan ortiq biznes vakillari hududiy studiyalardan ishtirok etdi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, so‘nggi yillarda an’anaga aylangan bu muloqot sohadagi tizimli muammolarni hal etishi, takliflar muhokama qilinishi va yangi qulayliklar yaratishi bilan ishbilarmonlar kutadigan tadbirga aylandi. Chunki, tadbirkorlik ma’lum doira vakillari emas, balki oddiy xalq orasida ommalashayotgan katta tarmoqqa, alohida tizimga aylandi.
Mamlakatimizda yaratilgan biznes muhiti barchaga teng imkoniyatlar berayotganligi, qulay tadbirkorlik sharoitlari shakllanib, O‘zbekiston ishbilarmonlar yurtiga aylanib borayotgani O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ijobiy baholandi.
Jumladan, bu yilning o‘zida tadbirkorlarning tovar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 986 trillion so‘mga yetdi. Yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘rta korxonalar 2 karra ko‘paydi. Aylanmasi 100 milliard so‘mdan ortiq yirik korxonalar esa 2 ming 200 tadan oshdi. Soliq, bank, moliya, butun iqtisodiyot kompleksi “mahallabay” va “mijozbay” ishlayotgani natijasida oldin zarar bilan ishlagan 16 ming korxona yarim yilda 6,5 trillion so‘m foydaga chiqdi.
Bugungi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish o‘rni bir yilda 440 mingga ko‘paydi. Xususiy sektorda 5 million so‘mdan ko‘p maosh oladigan ishchilar 1 milliondan oshdi.
Qo‘shni davlatlar bilan aloqalar misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi. O‘zbekiston mahalliy korxonalar uchun ham, chet el kompaniyalari uchun ham katta bozorga, mintaqadagi sanoat xabiga aylanib ulgurdi.
Yaqinda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Joriy yil olti oyda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 karra o‘sib, 14 milliard dollarga yetdi.
Davlatimiz rahbari bunday raqamlar 33 yillik tariximizda bo‘lmaganligini e’tirof etgan holda, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda beshta yo‘nalishda yangi tashabbuslarni, xususan, kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy resurslarni ko‘paytirish, biznesni infratuzilma, yer va energiya bilan ta’minlash, ichki bozorda teng raqobat muhitini yaratish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, xizmatlar sohasini takomillashtirish, biznes uchun to‘siq va g‘ovlarni yanada qisqartirishni ilgari surdi.
Albatta, bu kabi tashabbuslar ham davlat organlaridan, ijro hokimiyati hamda tadbirkorlardan katta mas’uliyatni talab qiladi. “Tadbirkor – elga madadkor” naqlini hammamiz bilamiz. Lekin, shunday katta mas’uliyatni zimmasiga olgan tadbirkorni o‘ziga kim madadkor? Prezident ta’kidlaganlaridek, agar qaysi hokim o‘z hududining gullab-yashnab, taraqqiy topishini istasa, avvalo, tadbirkor va yana bir bor tadbirkorga chinakam madadkor bo‘lishi kerak. Har bir tadbirkor va ishbilarmonning ortida Prezident turibdi!”.
Haqiqatdan ham ishbilarmon doira vakillari ushbu kunni intizorlik bilan kutgan edilar. Davlat rahbari ham ularning faol taklif va tashabbuslarini katta bir ishonch, umid va qiziqish bilan tingladilar. Zero, tadbirkorlarga Prezidentning ishonchi qanchalik zarur va ahamiyatli bo‘lsa, davlat rahbariga ham bugungi globallashuv davrida, jadallashayotgan islohotlar jarayonida, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida kimlar yelkadosh, yurt rivoji yo‘lida kim vatanparvar bo‘lishi ham juda muhimdir.