Axborot sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlariga e’tibor, kuchli fuqarolik jamiyatining poydevori

408
3 минуты
Axborot sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlariga e’tibor, kuchli fuqarolik jamiyatining poydevori
Kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni nodavlat notijorat tashkilotlarining (NNT) davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ular fuqarolar manfaatlarini ifoda etish, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy muammolarni hal qilishda yordam beradi hamda innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqadi. Xususan, ularning axborot sohasidagi faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi, NNT axborotning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash, fuqarolarni jamiyat jarayonlariga jalb qilishda asosiy rol o‘ynaydi.

So‘nggi yillarda Prezident Sh. Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan demokratik islohotlar natijasida O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, NNT hamda jamoatchilik nazorati tizimlari yanada faollashdi.

Ushbu islohotlar davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustdagi imzolangan «Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–124-sonli Farmoni ushbu institutlarning kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi ahamiyatini yana bir bor qayd etadi. Farmon bilan NNTni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilandi:

Fuqarolik jamiyati institutlarini faollashtirish. Qayd etish joizki, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat va jamoat ishlarida, ayniqsa, axborot sohasida faol ishtirokini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. NNT ishonchli axborot tarqatish va fuqarolarni jamoat muloqotiga jalb qilishda yordam beradi.
Jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash. Davlat aholi ehtiyojlarini qondirish, mahalliy muammolarni hal etish va dolzarb masalalarni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ijtimoiy hamkorlik. Davlat organlari va NNT o‘rtasida ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish muvaffaqiyatli hamkorlik uchun mustahkam asos yaratadi. Bu hamkorlik jamoatchilik nazoratini institlashtirish va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga yordam beradi.
Xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash. Axborot sohasi va ilg‘or tajribani almashish masalalarida, ayniqsa, xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, Farmon bilan NNT faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan quyidagi choralar, jumladan, soliq yukini kamaytirish va moddiy-texnika bazasini qo‘llab-quvvatlash choralari kiritildi:
ya’ni 2024-yil 1-oktyabrdan 2027-yil 1-oktyabrgacha mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnomalari asosida jalb qilingan mutaxassislarning mehnatga haq to‘lash tarzida olgan daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda NNT, OAV va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan mehnatga haq to‘lashga doir xarajatlari bo‘yicha to‘lanadigan ijtimoiy soliqlar bo‘yicha stavkalarni 50%ga kamaytirish.
«Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalar uchun xayriya ehsonlarining soliqdan ozod qilingan miqdorini 15 million so‘mdan BHMning yuz barobarigacha oshirish.

2025-yil 1-yanvardan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, ayollar va bolalar jamoat birlashmalarini ro‘yxatga olish uchun davlat bojini ikki barobar kamaytirish.
Farmon fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va uning e’tirof etilishiga qaratilgan muhim tashabbuslarni ham o‘z ichiga oladi:
Unga ko‘ra har yili dekabr oyining birinchi haftasida «Fuqarolik jamiyati haftaligi» o‘tkazilishi, ularning faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shunday tashabbuslardan biri NNTning ko‘zga ko‘ringan vakillarini «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlashdir.
«Fuqarolik tashabbusi» milliy mukofotining ta’sis etilishi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga hamda fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar uchun muhim rag‘bat bo‘ladi.
O‘z o‘rnida NNT faoliyatini yoritishda jurnalistlar uchun «Oltin qalam» xalqaro tanlovida nominatsiya joriy etilishi esa NNT faoliyatini OAV orqali ommalashtirish va ularning milliy va xalqaro darajadagi faoliyati haqida xabardorlikni oshirish imkonini beradi.
Farmonda keltirilgan ushbu chora-tadbirlar O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, NNTning axborot sohasi va jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish uchun mustahkam asos yaratadi. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy jarayonlarga qo‘shgan hissasini tan olish demokratik qadriyatlarni mustahkamlash va faolroq hamda ogoh jamiyat yaratishga yordam beradi.

E. Moxova
O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlar assotsiatsiyasi ijrochi direktori
  • Комментарии
Загрузка комментариев...