Qonunchilik hujjatlarini sifatli tayyorlash hamda norma ijodkorligi holati ma'lum qilindi

470
4 минуты
Qonunchilik hujjatlarini sifatli tayyorlash hamda norma ijodkorligi holati ma'lum qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda qonunchilik hujjatlarini sifatli tayyorlash hamda norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning savollariga adliya vaziri Akbar Toshqulov javob berdi.
Qayd etilganidek, Yangi O‘zbekistonning qonunchilik bazasi islohotlarga hamohang tarzda yuqori sur’atlarda yangilanmoqda. Hozirgi kunda normativ-huquqiy hujjatlar fondi 44 mingdan ortiq hujjatni o‘z ichiga oladi, shundan 23 mingtasi yoki 51 foizi oxirgi 7 yilda qabul qilingan.
Xususan, 2016 yilga qadar har yili 15-20 ta qonun qabul qilingan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqam 125 taga yetgan. Bu 5 baravar o‘sish degani. Bunday dinamika faqat qabul qilinayotgan qonunlar sonining ortishi bilan emas, balki islohotlarni huquqiy jihatdan kompleks ta’minlash, sohaviy o‘zgarishlarni tezkor va maqsadli huquqiy asoslar bilan mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Bunday sharoitda Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, xalq vakillari qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga sifatli va o‘z vaqtida kiritilishi, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi, huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizalardan o‘tkazilish holati borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida vazirlik mas’ullaridan izoh so‘radi.
Ta’kidlanganidek, ayrim qonun loyihalarining palatagacha yetarli darajada sifatli tayyorlanmagan holda kiritilishi Adliya vazirligining huquqiy ekspertiza sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda. O‘z o‘rnida, vazirlik va idoralarda ham norma ijodkorligi borasidagi ko‘nikma va mas’uliyat darajasi hamon yetarli emas.
Bu ayniqsa, Adliya vazirligiga huquqiy ekspertiza uchun taqdim etilayotgan qonun loyihalarining sifat darajasi pastligi orqali yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Misol uchun, vazirlik tomonidan oxirgi bir yarim yilda 355 ta qonun loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Ularning 68 tasi (19 foizi)ni qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa berilib, vakolatli organlarga kiritilishining oldi olingan.
Ayrim holatlarda mas’ul idoralar tomonidan Adliya vazirligining huquqiy ekspertiza xulosasida bildirilgan, shuningdek, boshqa vakolatli organlarning idoraviy kelishuv jarayonida bildirilgan asosli e’tirozlari to‘liq bartaraf qilinmasdan, loyihalar vakolatli organlarga kiritilmoqda. Natijada, loyihalar qayta ishlanib, e’tirozlar bilan dastlabki bosqichga — ishlab chiquvchilarga qaytarilmoqda. Oqibatda, ayrim muhim loyihalar Qonunchilik palatasiga kechikib kiritilmoqda. Qonunchilik palatasi qonun loyihalarini qaytarish huquqidan foydalanmasdan, loyihalarni bevosita palatada qayta ishlashga majbur bo‘lmoqda. Deputatlarning sa’y-harakati bilan ko‘plab qonunlar mazmunan boyitilib, huquqiy jihatdan maromiga yetkazilmoqda.
Nafaqat qonun loyihalarini, balki barcha turdagi qonunchilik hujjatlari loyihalari sifatini ta’minlovchi yana bir mexanizm — korrupsiyaga qarshi ekspertiza hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza bo‘yicha maxsus qonun asosida amaldagi hujjatlarni ham korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tizimi yaratildi, davlat organlariga aniq vazifa va vakolatlar berildi.
Huquq ustuvorligini ta’minlashda qonunlarning amalda samarali tatbiq etilishi muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda, qonunning KPIni hisoblash yo‘lga qo‘yildi. Bu tizim qonun ishlashi uchun zarur huquqiy baza, moliyaviy va moddiy-texnik hamda inson resurslari mavjudligini, huquqiy normalarning sifatli amalga oshirilishini va maqsadlariga qay darajada erishilayotganini kuzatish, shuningdek, o‘z vaqtida bo‘shliqlarni aniqlab, tegishli chora ko‘rish imkonini bermoqda.
Yig‘ilishda qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqadigan vazirlik va idoralardagi yuridik xizmatlar xodimlarining bilim va saviyasini, shu jumladan, norma ijodkorligi bo‘yicha ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borishga qaratilgan ishlar bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tildi.
Vazirning qayd etishicha, o‘tgan davrda yuridik xizmat xodimlarining norma ijodkorligi, xususan, tartibga solish ta’sirini baholash, huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, qonunlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishda reglament talablariga rioya qilish masalalariga bag‘ishlangan bir qator konferensiya va seminarlar tashkil etilgan.
Milliy qonunchilikni tizimlashtirish jarayoniga Yevropa Ittifoqining ikki yillik xalqaro hamkorlik dasturi (granti) tatbiq qilingan. Hamkorlik doirasida yuqori malakali ekspertlar jalb qilinib, qonunchilik sohasini tizimlashtirishga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar mutaxassislarining ko‘nikmasi oshirilgan.
“Hukumat soati”da deputatlar qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida jamoatchilik muhokamasi institutidan samarali foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdilar. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan qiziqdilar.
Ma’lum qilinganidek, o‘tgan davrda vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 110 ta qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgan. Statistikaga ko‘ra, har oyda o‘rtacha 1000 ta odam jamoatchilik muhokamasida ishtirok etadi va loyihalar bilan tanishadi. So‘nggi bir yilda jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgan qonunchilik hujjatlari bo‘yicha 852 ta taklif bildirilgan.
Regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasi davomida berilgan taklif va e’tirozlarni vazirlik va idoralar tomonidan majburiy ravishda ko‘rib chiqish va munosabat bildirish, shuningdek, loyihaning jamoatchilik muhokamasi yakunlangach, ularni ko‘rib chiqish jadvalini bevosita hamma ko‘rishi uchun e’lon qilish kabi qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan.
Bundan tashqari, vazirlik tomonidan norma ijodkorligi jarayonlari raqamlashtirilib, sun’iy intellekt texnologiyalari faol integratsiya qilib kelinmoqda. Shu maqsadda project.gov.uz portalining yangi talqini ishga tushirilgan. Qonunlarni qabul qilish uchun zarur bo‘lgan jarayonlarni amalga oshirish maqsadida alohida project.gov.uz tizimi bilan to‘liq integratsiyalashgan Ye-QONUN tizimi ishlab chiqilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar qonun ijodkorligi sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda zarur shart-sharoitlarni ta’minlash, vazirlikning huquqiy ekspertiza xulosasi ta’sirchanligini oshirish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida olimlar, ekspertlar hamjamiyati salohiyatidan unumli foydalanish mexanizmlarini yaratish hamda qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazmasdan kiritilishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida tushuntirish so‘radilar. Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan faol hamkorlik qilish va samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...