Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi raisi O'zbekistonga tashrif buyurdi

128
1 минута
Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi raisi O'zbekistonga tashrif buyurdi
Qatar parlamenti vakillari joriy yilning 5–9-aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Uchrashuv avvalida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi, sa’y-harakatlari va o‘zaro do‘stona munosabatlari natijasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, oliy darajadagi faol siyosiy muloqotlar o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqayotgani yuqori baholandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil oktabr oyida Qatarga amalga oshirgan davlat tashrifi hamda Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning 2023-yilda ikki marta O‘zbekistonga qilgan tashrifi davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim omil bo‘layotgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, ikki mamlakatning urf-odat va an’analariga muvofiq holda jamiyatni modernizatsiya qilish, barqaror rivojlanish, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotga erishishga xizmat qiladigan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi hamda “Qatar Milliy nigohi — 2030” dasturlari bir-biriga hamohang ekanligi ta’kidlandi.

Muloqot davomida delegatsiya a’zolariga yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

O‘z navbatida, Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi raisi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolangani, Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti yuqori baholanib, qo‘llab-quvvatlandi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, o‘zaro tashriflar almashinuvini davom ettirish lozimligi qayd etildi.

Uchrashuvda tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...