Xususan Jinoyat kodeksiga 227-1-modda kiritilmoqda. Unga ko'ra avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya (kuzov, shassi (rama), dvigatel) raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, o‘tkazish yoki ulardan foydalanish, shuningdek ularni qalbakilashtirish BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
228-2-modda bilan mas’ul shaxs tomonidan tegishli toifadagi avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini yoxud traktorchi-mashinistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘qishni tugatganligi haqidagi guvohnomani berishda ta’lim oluvchining o‘quv dasturini o‘zlashtirganligi yoki yakuniy imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tganligi to‘g‘risidagi soxta ma’lumotlarni o‘quv jurnallariga, yo‘l varaqalariga yoki imtihon komissiyasi bayonnomasiga kiritish yoxud ushbu soxta ma’lumotlarga asoslanib guvohnoma berish BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, 261-1-modda bilan transport vositasini mastlik holatida boshqarish yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash va 261-2-modda bilan transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarishiga nisbatan jazo choralari kuchaytirilmoqda.
Qolaversa, 262-1-modda bilan siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzishga jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.