Yarim qonunchilik hujjatlari JSTning tegishli bitimlariga muvofiqlashtirilmoqda

226
1 минута
Yarim qonunchilik hujjatlari JSTning tegishli bitimlariga muvofiqlashtirilmoqda
Qonun loyihasi o‘tgan yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligining Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi nom bilan kiritilgan edi. Loyihaning nomi qizg‘in muhokama qilinib, uni o‘zgartish taklifi bildirilgan edi.

Shundan kelib chiqib, deputatlar bergan takliflar asosida uning nomi ishchi guruh tomonidan o‘zgartirildi. Bundan tashqari, loyihadagi ayrim normalar ham berilgan takliflardan kelib chiqib, yanada takomillashtirildi va pishiq-puxta holatga keltirildi.

Qonun loyihasi bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga patent bojlarining, shuningdek chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni va boshqa tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun olinadigan davlat bojining miqdorlarini birxillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunga mahalliy va chet el ishlab chiqaruvchilar uchun teng shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Majlisda qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi sanoat mulki obyektlarining egalari huquqlarini himoya qilishga, patent bojlarining va tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun olinadigan davlat bojlarining miqdorlarini birxillashtirishga, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining qoidalari va normalariga uyg‘unlashtirish uchun xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...