Telekommunikatsiyalar to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi

90
1 минута
Telekommunikatsiyalar to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
Qonunga koʻra telekommunikatsiyalar tarmoqlari ommaviy yoki xususiy mulkda bo‘lishi mumkin. Umumiy foydalanish punktlari, shu jumladan qishloq joylardagi kichik tadbirkorlik subyektlarining umumiy foydalanish punktlari tomonidan ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatishga, qishloq joylardagi kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan mahalliy, shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiyalar tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatishga doir faoliyat uchun litsenziya talab etilmaydi.
Shu bilan birga, ma’lumotlar uzatish tarmoqlaridan bank, to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, shuningdek elektron tijorat platformasi xizmatlarini ko‘rsatish uchun ishlab chiqarish-texnologik jarayonda va (yoki) signallarni yetkazib berish maqsadida foydalanilganda ma’lumotlar uzatish tarmoqlaridan foydalanish va (yoki) ularning xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya talab etilmaydi.
Yangi tahrirdagi qonunda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga doir qator normalar kiritilmoqda. Jumladan, telekommunikatsiyalar tarmoqlari orqali uzatiladigan telefon so‘zlashuvlari, shuningdek elektron va boshqa xabarlar sir saqlanishi shart.
Bunday ma’lumotlar operatorlar tomonidan faqatgina abonentlarning o‘zlariga, bunday xabarlarni jo‘natuvchilarga va ularni oluvchilarga yoki ularning qonuniy vakillariga berilishi mumkin. Sir saqlanishini boshqacha usulda cheklashga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda hamda sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Qonun bilan operatorlar va provayderlarning majburiyatlari aniq belgilab berilmoqda. Xususan, bundan keyin operatorlar va provayderlar telekommunikatsiyalar tarmoqlari orqali uzatiladigan barcha turdagi so‘zlashuvlarning, xabarlarning sir saqlanishiga rioya etishi, xizmatlar ko‘rsatish shartlari va tartibi to‘g‘risidagi, shu jumladan telekommunikatsiyalar xizmatlarining tariflari o‘zgarishi to‘g‘risidagi to‘liq axborotni foydalanuvchilarga o‘z vaqtida taqdim etishi, o‘zi ko‘rsatayotgan xizmatlar to‘g‘risidagi axborotni bepul taqdim etishi, shuningdek abonentlarni qo‘llab-quvvatlash markazi orqali abonentlarning murojaatlarini bepul qabul qilishi va ularning ijrosini ta’minlashi shart. Foydalanuvchilar esa, telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatmaganlik yoki lozim darajada sifatli xizmatlar ko‘rsatmaganlik natijasida yetkazilgan zararlarning o‘rni qoplanishini, ma’naviy ziyonning kompensatsiya qilinishini talab etishlar mumkin.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...