Qayd etish joizki, 2025-yil 11-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “Sunʼiy intellektni qoʻllash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilgan. Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ–358-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekistonda sunʼiy intellektni qoʻllash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan hamda 2025-yilning 15-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda, 2025-yil 12-avgust kuni ikkinchi va uchinchi oʻqishda qabul qilinib, Oliy Majlis Senatiga yuborilgan. Senat tomonidan Qonun 2025-yil 1-noyabrda tasdiqlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilgan.
Qonun bilan “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Jumladan, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilash, ushbu sohadagi vakolatli davlat organining vakolatlarini aniqlashtirish, insonning huquqi va erkinligiga aloqador bo‘lgan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan texnologiyalar asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanish mumkin emasligini nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni OAVlar, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (41 mln 200 ming so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.