
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘z vakolatlari doirasida oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mas'ul etib belgilanmoqda va quyidagi choralarni ko‘rishi belgilanmoqda:
davlat zaxirasini yaratish;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini yaratish;
ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki undan olib chiqishni tartibga solish;
ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini aholi yillik ehtiyojlarining kamida sakson foizi miqdorida bo‘lishini ta’minlash.
Qonunga ko'ra oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol normalari mamlakatning demografik, ijtimoiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlariga asosan har uch yilda qayta ko‘rib chiqiladi. Vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlarining iste’moli normalari asosida, talab etiladigan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichlari va holatini tahlil qilish orqali oziq-ovqat balansini ishlab chiqadi.
Oziq-ovqat balansi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
aholining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanganlik darajasini;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi bozorining oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxiralari bilan eng ko‘p hamda maqbul ta’minlanganlik darajasini.