Shu bilan birga ijtimoiy-iqtisodiy sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining erkinligi kafolatlarini mustahkamlash hamda homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini aniq belgilash zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish natijalari bo‘yicha tayyorlangan yakuniy hujjatni ko‘rib chiqmaganlik, homiylik to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatni amalga oshirish tartibini buzganligi uchun javobgarligi qayta ko‘rib chiqilmoqda.
“Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Shuningdek fuqarolik jamiyati institutlariga davlat organlari tomonidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmalari berilishining yangi mexanizmlari belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlaridagi nodavlat notijorat tashkilotlarining majburiyatlari, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslari qayta ko‘rib chiqilmoqda, qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat boji miqdori, shuningdek homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibi aniqlashtirilmoqda.
“Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga jamoat fondi muassisligiga bo‘lgan talablar kuchaytirilishini, jamoat fondini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shartlari va tartibi aniqlashtirilishini, jamoat fondining mol-mulkidan foydalanish yanada erkinlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bir kalendar yilda bank hisobvaraqlarida pul aylanmasi mavjud bo‘lmagan jamoat fondi uchun ushbu kalendar yilda o‘z faoliyatini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish ixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Ushbu Qonun fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga, uning samaradorligini oshirishga, ijtimoiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga, jamoat fondlari faoliyatidagi ortiqcha byurokratik talablarni bartaraf etishga, shuningdek homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.