Davlat sirlari to‘g‘risida qonun qabul qilindi

47
2 минуты
Davlat sirlari to‘g‘risida qonun qabul qilindi
2025-yil 27-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev yangi tahrirdagi "Davlat sirlari to‘g‘risida"gi Qonunga imzo qo'ydi. Qonunga ko'ra davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan ma’lumotlar aniq belgilandi. Ular jumlasiga harbiy, tashqi siyosatga oid va tashqi iqtisodiy soha,razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyati va davlat xavfsizligiga taalluqli bo‘lgan boshqa faoliyat sohasidagi davlat sirlari, iqtisodiyot, ta’lim, fan va texnika sohasidagi davlat sirlari kiritilmoqda.
Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarning maxfiylik darajalari va ushbu ma’lumotlarni tashuvchilarning maxfiylik griflari belgilanmoqda. Jumladan:
maxfiylikning birinchi darajasi — “Alohida ahamiyatli” (birinchi shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga muvofiq bo‘ladi);
maxfiylikning ikkinchi darajasi — “Mutlaqo maxfiy” (ikkinchi shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga muvofiq bo‘ladi);
maxfiylikning uchinchi darajasi — “Maxfiy” (uchinchi shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga muvofiq bo‘ladi).
Davlat sirlaridan xabardor bo‘lgan shaxslarga nisbatan quyidagicha cheklovlar o'rnatilmoqda.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir rasmiylashtirilgan ruxsatnomaning amal qilishi va mehnat shartnomasida (kontraktda) nazarda tutilgan muddati ichida O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqish huquqiga (faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun);
davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan kashfiyotlar va ixtirolardan foydalanish hamda bunday ma’lumotlarni tarqatish huquqiga;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish davrida tekshiruv tadbirlarini o‘tkazish chog‘ida shaxsiy hayot daxlsizligiga bo‘lgan huquqqa.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovning amal qilish muddati har bir holda shaxsga ma’lum bo‘lgan maxfiy ma’lumotlarning xususiyatiga qarab quyidagi tarzda belgilanadi:
“Alohida ahamiyatli” grifli maxfiy ma’lumotlar uchun — ko‘pi bilan uch yil;
“Mutlaqo maxfiy” grifli maxfiy ma’lumotlar uchun — ko‘pi bilan ikki yil;
“Maxfiy” grifli maxfiy ma’lumotlar uchun — ko‘pi bilan bir yil.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovga beriladigan istisnolar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
  • Комментарии
Загрузка комментариев...