Keyingi yillarda mamlakatimizning o‘rta va uzoq muddatli strategiyalariga muvofiq O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiyotga to‘liq integratsiyasini ta’minlash, monopol sohalarni bozor tamoyillariga izchil o‘tkazish, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlarga erkin faoliyat yuritishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish, davlat korxonalarining maxsus (eksklyuziv) huquqlarni bosqichma-bosqich bekor qilish hamda iqtisodiyotda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish orqali ochiq va raqobatbardosh bozor muhitni shakllantirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan qora va rangli metall lomi hamda chiqindilarini tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash va realizatsiya qilish, tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi sohalaridagi yirik davlat korxonalarining eksklyuziv huquqlari bekor qilindi hamda mazkur sohalarda litsenziyalash tartibi joriy etilishi belgilandi.
Shunga asosan Qonun bilan qora va rangli metall lomi hamda chiqindilarini tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash va realizatsiya qilish, tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha faoliyatlarni litsenziyalash joriy qilindi.
Qonunning qabul qilinishi qora va rangli metall lomi va chiqindilari, tabiiy gaz savdosi sohasiga xususiy sektor, investitsiyalar va innovatsiyalar jalb qilishga, shuningdek, raqobat va ochiq bozor muhitini yaratishga hamda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga xizmat qiladi.