Qayd etilganidek, O‘zbekiston iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur’ati kelgusi yilda 2024-yilga nisbatan 6 foiz va aholi jon boshiga 3251 dollarni tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, o‘sish sur’atlari sanoatda 6,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,1 foiz, bozor xizmatlarida 14,5 foiz, qurilishda 14,2 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Inflyatsiya darajasi 7 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Loyihada “Natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida budjet xarajatlarini rivojlantirish dasturlariga muvofiq amalga oshirish, tashabbusli budjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirishga qaratilgan tadbirlar deputatlar e’tiborida bo‘ldi. Xususan, kelgusi yildan tashabbusli budjet jarayonida majburiy ovoz to‘plashga qarshi aniq choralar belgilanadi. Bundan tashqari, loyihada o‘rta muddatda yashil budjetlashtirish islohotlarini jadallashtirish ko‘zda tutilgan.