Biroq, oxirgi ikki yilda ayrim turistik kompaniyalarning sifatsiz yoki aldov yo‘li bilan ko‘rsatgan xizmatlarining natijasida fuqarolarimizning chet mamlakatlarida sarson bo‘lishlariga, malakasiz guruh rahbarlari kasriga “Umra” amallarining mukammal ado etilmasligiga hamda turli destruktiv kuchlar ta’siri ostiga tushib qolishmoqda.
Ziyoratchilarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning ortiqcha sarsongarchiliklariga barham berish hamda “Umra” ziyoratiga yuborishning qonuniy asoslarini yaratish maqsadida 2024-yil 2-iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–935-sonli Qonun qabul qilindi. Mazkur Qonunga ko‘ra endi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun litsenziya va BHMning 10 baravari miqdorida davlat boji talab etiladi. Ushbu tartibni buzganlik BHMning 200 baravari miqdorida (68 mln. so‘m) jarima to‘lashga sabab bo‘ladi. Litsenziyaning o‘zini O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasidan olsa bo‘ladi.