Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning savollariga Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov javob berdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi asosida sun’iy intellekt milliy modelini ishlab chiqish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanayotgan dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishish jarayonini jadallashtirish borasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.
Vazirning ma’lum qilishicha, 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiya doirasida ma’lumotlarni qayta ishlash va sun’iy intellekt asosidagi loyihalarni amalga oshirish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish ishlari olib borilmoqda. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratilgan mablag‘lar “katta ma’lumotlar” (Big Data) bazasini shakllantirish, hisoblash klasterlari, grafik ishlov berish bloklari va zamonaviy serverlarni joriy etishga yo‘naltirilmoqda. Mazkur infratuzilma orqali sun’iy intellekt sohasida o‘nlab ustuvor loyihalarni amalga oshirish va mamlakatimizning texnologik jihatdan mustaqilligini ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Ayni paytda mamlakatimizda “katta ma’lumotlar” bazasini yaratish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘yilgan. Hozirda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 15 ta tashkilotdan ma’lumotlar yig‘ib borilmoqda. Elektron hukumat tizimi asosida 90 mingga yaqin ma’lumotlar to‘plami shakllantirilgan. Jumladan, o‘zbek tilidagi “katta til modeli”ni yaratish maqsadida 10 milliard so‘zdan iborat o‘zbek tili korpusi tuzish ishlari olib borilmoqda. Mazkur o‘zbek tilidagi ma’lumotlar kitoblar, maqolalar, o‘quv va ilmiy nashrlar, shuningdek, boshqa elektron shakldagi materiallarni o‘z ichiga oladi.
2025-2026-yillarda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha jami 64 ta hamda vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha 22 ta ustuvor loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan. Mazkur ustuvor loyihalar sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, sud-huquq, moliya, soliq va bojxona sohalarini qamrab oladi.
Masalan, shaharlararo avtobus haydovchilarining uxlab qolishi yoki chalg‘ishi holatlarini sun’iy intellekt orqali aniqlash, davlat xaridlarida shubhali shartnomalarni avtomatik tahlil qilish, elektr energiyasi yuklamalarini prognozlash, sud xarajatlarini hisoblash kabi vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur vazifalarning amalga oshirilishi kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ortiqcha xarajatlar va iqtisodiy kon’yunkturadagi salbiy o‘zgarishlarni oldindan aniqlash imkoniyatini beradi.
Deputatlar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan qiziqdilar.
Vazirning qayd etishicha, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, 2030-yilga qadar sun’iy intellekt sohasida kamida 1000 nafar yuqori malakali mutaxassis tayyorlash vazifasi qo‘yilgan. 2024/2025-o‘quv yilida mazkur yo‘nalishda kadrlar tayyorlash bo‘yicha jami 13 ta oliy ta’lim muassasasida 1050 ta o‘rin ajratilgan.
Shu bilan birga, “Bir million o‘zbek sun’iy intellekt foydalanuvchilari” loyihasi doirasida omp.aistudy.uz platformasi orqali keng jamoatchilik uchun onlayn ta’lim imkoniyatlari yaratilgan. “NVIDIA” va boshqa yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda.
“Hukumat soati”da Qonunchilik palatasiga qonun loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida kiritilishi, qonun ijodkorligini samarali rivojlantirish maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Quyi palatada qonun ijodkorligi jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qonun loyihalarini “generativ” sun’iy intellekt texnologiyasi yordamida tayyorlash, “Katta til modeli” asosida xalqaro tajribani tahlil qilish, qonun loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va fuqarolar murojaatlarini qabul qilishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kabi bir qator takliflar bildirildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga har yarim yillikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etib borish, 2026-yilda sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etish hamda qonun ijodkorligi jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha 2026 – 2029- yillarga mo‘ljallangan amaliy ish rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
“Hukumat soati” yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi. Ushbu yo‘nalishda faol hamkorlik qilish va samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.